Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida viloyatda faoliyat yuritayotgan yetakchi fermerlar bilan amaliy seminar o‘tkazdi
Qishloq xo’jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Amaliy tashrif bilan Toshkent viloyatida bo‘lib, Bo‘ka tumani hokimiyatida viloyatda faoliyat yuritayotgan yetakchi fermerlar bilan amaliy seminar o‘tkazdi. Seminarda zamonaviy agrotexnologiyalar, yangi urug‘navlari, ularning hosildorligi va ilmiy asoslangan yechimlar muhokama qilindi.
Vazir seminar davomida ilmiy-amaliy asoslarga alohida e’tibor qaratib, hosildorlikni oshirish uchun an’anaviy usullardan voz kechish va zamonaviy ilmiy yondashuvlarni joriy etish zarurligini ta’kidladi. U fermerlarga 76/10 sxemasini tavsiya qildi, bu usul asosida bir gektar maydonda 240 ming ko‘chat ekish orqali hosildorlikni sezilarli darajada oshirish mumkinligi asoslab berildi. Bunda yerning xususiyatlari va ekish jarayonini ilmiy ravishda rejalashtirish muhim ekanligi ta’kidlandi.
Seminarda xorij tajribasi asosida plyonka ostiga ekish va tomchilab sug‘orish texnologiyalari ham muhokama qilindi. Ushbu innovatsion yondashuvlar suv resurslaridan samarali foydalanish, yerning unumdorligini oshirish hamda Osiyo mamlakatlarida keng qo‘llanilayotgan usullardan foydalanish orqali yuqori natijalarga erishish imkoniyatini yaratadi. Mazkur usullarni mahalliy sharoitlarda joriy etish fermerlarning daromadini oshirish va hosildorlik ko‘rsatkichlarini yaxshilashda muhim o‘rin tutadi.
Vazir ilmiy yondashuv va zamonaviy seleksiya yutuqlari asosida yaratilgan yangi urug‘ navlari haqida ham batafsil ma’lumot berdi. U fermerlarga har bir ekilayotgan urug‘navining xususiyatlari, afzalliklari va hosildorlik borasidagi natijalarini misollar orqali tushuntirdi. Yangi urug‘lar orqali hosildorlikni oshirish nafaqat fermerlar, balki mamlakatning umumiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti uchun ham muhim ahamiyat kasb etishi aytildi. Shu o‘rinda oddiy tomchilatib sug‘orishdan, plyonka ostida tomchilatish nimasi bilan farq qiladi degan savol tug‘ilishi tabiiy. Hamma gap yangi navlarning yetilishida ozuqaning ildiziga qadar yetib borishi lozimligida. Albatta, plyonka ostida sug‘orish namlikni saqlash va suvning issiq havoda bug‘lanib ketishini oldin olish bilan ahamiyatli. Mana, nima uchun yangi texnologiyani qo‘llash kerak. Buni mahalliy navlarda ham qo‘llash juda yaxshi natija berayotgani haqiqat.
Seminar davomida vazir olim sifatida, genetik sifatida ayni masalalarga ilmiy jihatdan yondashib, yechimlarni oddiy va jo‘n tilda tushuntirib berdi. U har bir hudud va yer konturlarining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olib, fermerlarga yangi urug‘ navlarini tanlash zarurligini tushuntirdi. Ko‘p fermerlar bir turdagi navlarni almashtirishni istamasliklari, yangidan yaratilgan urug‘larni ekishdan qochish hollari mavjudligi qayd etildi. O‘z navbatida har bir taqdimotdan o‘rin olgan paxta navlarini bugungi kunda mintaqamizda ekishning qanday natijalar berayotganini va ularning afzalliklarini hayotiy misollar orqali tushuntirib berildi. Ushbu seminarni ham olim, ham sohaning mas’ul xodimi sifatida vazirning o‘zi kelib tashkil etishi ham bejiz emas. Joriy yilda xorijiy urug‘larning olib kelinishi bilanoq tezkorlik bilan ekish zarurligi sababli har bir urug‘ni ekish texnologiyalarini tushuntirish bo‘yicha vaqt bo‘lmagan edi. Bugun esa vaqt bor, faol fermerlarni yig‘ib seminar tashkil etilishidan maqsad ham shu. Ular o‘z hududidagi fermerlarni yig‘ib ushbu seminar mazmun mohiyatini qolgan fermer xo‘jaliklari rahbarlariga ham tushuntirish. Maqsad - Paxta va g‘allani ekish va yetishtirishda yangicha yondashuv asosida yetishtirish borasida tushuntirish berdi. Zero, bugungi seminar fermerlarga yangi texnologiyalar va ilmiy yondashuvlardan foydalanish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan bo‘lib, ularning ish samaradorligini oshirish va milliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining raqobatbardoshligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.