description

    "Long Ping" korporatsiyasining Changsha shaxrida joylashgan muzeyi

    Avval xabar berganimizdek, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimida faoliyat olib borayotgan bir qator mutaxassislar ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib turibdi. Delegatsiya vakillarining navbatdagi manzili "1-Agrobereke" MCHJ hamkorlikda respublikamizga paxta chigiti import qilayotgan "LongPing" korporatsiyasining Changsha shaxrida joylashgan muzeyi boʻldi. Bu yerda korporatsiya asoschisi Yuan Longping xotirasiga bagʻishlab memorial muzey tashkil etilgan. Janob Yuan Longping 1930-yilda Pekinda tug‘ilgan. 1953-yilda Janubi-g'arbiy qishloq xo'jaligi kollejini (hozirgi Janubi-g'arbiy universitet tarkibiga kiradi) tamomlagan. O‘qishni tamomlagach, Hunan provinsiyasining Anjiang shahridagi qishloq xo‘jaligi maktabida pedogogik faoliyatini boshlaydi.

    1960-yillarda  millionlab insonlarni hayotdan olib ketgan misli koʻrilmagan ocharchilik hukm surgan va shu davrda janob Yuan Longping guruchni duragaylash ustida ishlay boshlaydi va butun umrini sholining yuqori mahsuldor navlarini ko‘paytirishga bagʻishladi. 1964-yilda u ilm-fanga ma'lum bo'lgan boshqa navlarga nisbatan koʻproq afzalliklarga ega boʻlgan guruch namunasini topishga muvaffaq bo'ldi. Birinchi eksperimental gibrid guruch navlari an'anaviy yetishtirilgan navlarga nisbatan sezilarli afzalliklarni ko'rsatmadi, shuning uchun u guruchni yovvoyi guruch bilan duragaylashni taklif qildi.  1970-yilda u yovvoyi guruchning alohida muhim turini topadi va natijada undan yuqori mahsuldor gibrid guruch navlarini yaratish uchun foydalanish boshlandi. Yuan Longping 1973-yilda boshqa olimlar bilan hamkorlikda, nihoyat, ushbu yuqori mahsuldor gibrid guruch turlarini yaratish va ko'paytirishning to'liq jarayonini tadqiq qilishga muvaffaq bo‘ldi.  

     Hozirgi vaqtda Xitoyning jami sholi maydonlarining 50 foiz qismida Yuan Longping yaratgan gibrid sholi ekiladi va Xitoyda umumiy yetishtiriladigan guruchning 60 foizini tashkil qiladi. Yillik hosil esa 60 million insonni ozuqa bilan taʼminlaydi. Janob Yuan Longping koʻp yillik fidokorona mehnatlari mahsuli oʻlaroq, Xitoyning eng oliy mukofoti - Respublika ordeni, Xitoy Fan va texnologiya oliy mukofoti (2000), Ramon Magsaysay mukofoti (2001), Konfutsiy tinchlik mukofoti (2012), Jahon oziq-ovqat mukofoti (2004), Qishloq xo'jaligi bo'yicha Wolf mukofoti (2004), Gonkong universitetining faxriy fan doktori, Islohotlar kashshofi mukofoti (2018-yil), Xitoy muhandislik akademiyasi aʼzosi (1995) boʻlishdek eʼtiroflarga sazovor boʻlgan.

 

Menu