description

Urug‘lik chigitni tozalash va saralash

    O‘tgan yilgi paxta hosilidan yetishtirilib, joriy yil hosili uchun tayyorlangan va 1,5-2 oy muddatda tinim davrini o‘tagan urug‘lik paxtani to‘liq texnologik jarayon bo‘yicha qayta ishlash orqali urug‘lik chigit olinadi. Korxonalarda texnologik uskunalarning  qoldiq mahsulotlardan tozaligi urug‘lik tarkibida turli aralashmalar bo‘lmasligini taʼminlaydi.

    Tuksizlantirish.  Tuksizlantirilgan urug‘lik chigit, tukli urug‘lik chigitdan ertaroq muddatda nihollar unib chiqishi, yaxshi o‘sib rivojlanishi bilan farq qiladi. Tukli urug‘lik chigitlar esa kasallik va zararkunandalarga nisbatan kam chalinadi. Tuksizlantirishda asosan, chigitlarning mexanik shikastlanishiga eʼtibor qaratish lozim. Urug‘lik chigitlar mexanik va kimyoviy usulda tuksizlantiriladi. Ekishda tuksizlantirilgan urug‘lik chigit, tukli urug‘lik chigitga qaraganda kamroq sarflanadi.  Ya`ni, 1 gektar maydonga tuksiz chigit o‘rtacha 25-30 kg, tukli chigit esa 55-60 kg sarflanadi. Tuksiz chigitdan nihollar ertaroq unib chiqаdi.

    Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida jami tayyorlanadigan urug‘lik chigitlarning 100 foizi, Buxoro va Namangan viloyatlarida 70-80 foiz, Navoiy viloyatida 44 foiz, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida 20-25 foiz hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida esa 1,5-2,4 foiz tuksizlantiriladi.

    Dorilash. Respublikamiz bo‘yicha 42 ta urug‘lik chigit tayyorlash korxonalarida urug‘lik chigitlar dorilanib, qadoqlanadi. Urug‘lik chigit P-4, Bahor, Dalbron, Kruizer preparatlari bilan dorilanib, bu ildiz chirish, gommoz, fuzarioz vilt kasalliklari va shira-trips zararkunandalarining oldini oladi. Dorilash jarayonida eritmaning 1 tonna chigitga bo‘lgan sarfi tukli chigitda 25 litr, tuksiz chigitda 20 litrni tashkil etadi.

    Eritmaning me'yordan ko‘p bo‘lishi saqlash jarayonida chigitlarni mog‘orlashiga sabab bo‘ladi.

Menu