2024-yil davomida paxtachilikda erishilgan natijalar
Soha olimlari tomonidan yaratilgan o‘rta tolali g‘o‘zaning 10 ta yangi tizmalari Davlat nav sinoviga sinash uchun tavsiya etildi.
2024-yilda Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazining taqdimotnomasi asosida 33 ta nav sinash uchastkalariga sinash uchun urug‘liklari yetkazib berildi.
- "Mang‘it-1" navi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha
- "O‘zPITI-203" navi Andijon viloyati bo‘yicha,
- "SP-4" navi Xorazm viloyati bo‘yicha,
- "S-8296" navi Farg‘ona viloyati bo‘yicha,
- "S-7306" navi Qashqadaryo viloyati bo‘yicha,
- "Sharofat" navi Navoiy viloyati bo‘yicha istiqbolli deb topildi;
Joriy yildan sho‘rlangan maydonlarda sho‘r yuvmasdan g'o'za va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish bo‘yicha dala-tajribalari o‘tkazish mexanizimi joriy etildi. Ushbu dala-tajribalari kelgusida Respublikamizda turli darajada sho‘rlangan (47%) yer maydonlariga tatbiq etiladi. Xususan, Xorazm viloyatida 116 gektar yerga sho‘r yuvmasdan g'o'zaning "Baraka", "SP-41", "C-8290", "C-5707", "Buxoro-14", "Jondor qudrati", "C-7306", "CPC-38", "Ravnaq 2" g‘o‘za navlari ekilib, rivojlanish fazalarida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlari qiyosiy tahlil qilindi.
Ilk bora tajriba-sinov tariqasida yuqori hosildor kasallik va zararkunandalarga chidamli xorijiy g‘o‘za navlari va duragaylari olib kelinib, respublikamiz bo‘yicha 96 ming gektar maydonda belgilangan talablarga ko‘ra himoyalangan tartibda ekilib, yetishtirildi. Xorijiy g‘o‘za navlari begona o‘tlarga qarshi ishlatiladigan gerbitsidlar va ko'sak qurti kabi zararkunandalarga chidamli ekanligini namoyon qildi. Yana bir muhim jihati shundaki, ushbu navlarning agrotexnologiyasi yuqori iqtisodiy samaradorlika erishish imkonini berdi.
Paxta seleksiyasi, urug'chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institut va uning tizimidagi ITS lar qoshida 16 ta dastlabki urug‘chilik xo‘jaliklari tashkil etilib, institut olimlari tomonidan yaratilgan g‘o‘zaning o‘rta tolali 58 ta, ingichka tolali 6 ta navining birlamchi urug‘chiligi tashkil etildi.