2025-yilgi mavsum uchun urug‘lik chigitlarni tayyorlashning joriy holati muhokama qilindi
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov rahbarligida 2025-yilgi ekin mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari va urug‘lik chigitlarni tayyorlash ishlarining borishi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi a’zolari, vazirlikning tegishli departament va boshqarmalari boshliqlari hamda tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi. Video-konferens-aloqa shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishda, avvalo, Xitoydan xorijiy g‘o‘za urug‘liklarini olib kelish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va bu borada tayyorlangan qaror loyihasi muhokama qilindi. Vazir Ibrohim Abdurahmonov mazkur jarayonning mamlakat qishloq xo‘jaligi, xususan, paxtachilikdagi muhim ahamiyatini qayd etib, har bir davlat va nodavlat tashkilotining majburiyat va vazifalarini aniq belgilash zarurligi, jumladan, qaysi guruh narx siyosati bilan shug‘ullanishi, qaysi biri esa paxta yetishtirish agrotexnologiyalarining to‘g‘ri amalga oshirilishini nazorat qilishi lozimligini belgilash bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Shuningdek, yig‘ilishda urug‘lik chigitlarni tayyorlashning joriy holati, mahalliy va xorijiy g‘o‘za navlarini hududlar bo‘ylab joylashtirish masalalari muhokama qilindi. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim mas’ullar tomonidan e’tiborsizlik sababli urug‘lik chigitlarni tayyorlash ishlari odatdagidan biroz orqada qolayotganligi tanqidiy tahlil qilindi.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov bu borada tanqidiy fikr bildirib, mas’ullarning kamchiliklari keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlar haqida ogohlantirdi va ularga jiddiy choralar ko‘rilishini ta’kidladi. Mutasaddilarga urug‘lik chigitlarni tozalash, tuksizlantirish va ekishga tayyorlash jarayonlarini eng quyi bo‘g‘ingacha nazorat qilish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. Bundan tashqari, yig‘ilishda xorijiy g‘o‘za navlarini mamlakatimizda Xitoy agrotexnologiyasi asosida yetishtirishning afzalliklari, har bir konturning 20 foizida himoya belbog‘larini tashkil etish orqali hosildorlikni oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Urug‘lik chigitlarni tanlashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida ham fikr almashildi.
Yig‘ilish yakunida hududlardagi fermer va dehqonlar uchun seminar-treninglar tashkil etish, xorijiy va mahalliy mutaxassislarni jalb etish masalalari yuzasidan kelishib olindi.