Andijon viloyatida gʻoʻza urugʻchiligi yoʻnalishida muhim amaliy seminar tashkil etildi. Ushbu tadbir Andijon viloyati Baliqchi tumanida joylashgan “Baliqchilik Abdushukur yerlari” urugʻchilik fermer xoʻjaligi hamda Boʻston massividagi “Burxon” fermer xoʻjaligi dalalarida boʻlib oʻtdi. Seminar gʻoʻza urugʻliklarini aprobatsiyadan oʻtkazish, ularning biologik sofligini ta’minlash va ilgʻor agrotexnologiyalarni amaliyotda tatbiq etishga bagʻishlandi. Tadbirda Urugʻchilikni rivojlantirish markazi, Andijon viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda viloyatdagi ilgʻor urugʻchilik xoʻjaliklari vakillari faol ishtirok etdi.
Ushbu maydonda o‘sish bosqichlari, morfologik xususiyatlar, kasalliklarga chidamlilik darajasi va mahsuldorlik salohiyati yuzasidan amaliy fikr almashildi. Ayniqsa, qator oralari kengligi, sugʻorish va oziqlantirish rejimi, zararkunandalarga qarshi kurashish kabi texnologik yondashuvlar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Shu bilan birga, ishtirokchilar Xitoyning “Tian Ye Agro” O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Korxona tomonidan taqdim etilgan zamonaviy qishloq xo‘jaligi dronlari – urug‘ sepish, o‘g‘itlash hamda himoya vositalarini purkashda qo‘llanilishi bo‘yicha amaliy namoyishlar o‘tkazildi. Bu texnologiyalar urugʻchilikda aniqlik, tejamkorlik va samaradorlikni oshirishda katta ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Umuman olganda, mazkur seminar Andijon viloyatida sifatli urugʻlik yetishtirish, xorijiy va mahalliy navlarning sinovdan oʻtkazilishi, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va tajriba almashuvini kuchaytirish yo‘lida muhim bosqich boʻldi. Tadbir ishtirokchilariga metodik materiallar taqdim etildi.






