Agrar soha rivoji xorijiy investitsion loyihalar va hududlardagi rahbarlarning ishni to‘g‘ri tashkil etishiga bog‘liq
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov agrar sohada olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida amaliy tashrif bilan Jizzax viloyatida bo'ldi. Tashrifning ilk hududi bo’yicha, Sharof Rashidov tumani “Uchtepa” SIU hududidagi Otamurod ota fermer xo‘jalagi dala maydonidagi g‘o‘zalarning vegetativ holatini ko‘zdan kechirildi. Fermer xo‘jaligining 189 gektarlik dala maydoniga g‘o‘zaning mahalliy S-8290 navi ekilgan. O‘z vaqtida sifatli olib borilgan agrotexnik tadbirlar natijasida g‘o‘zalar yaxshi rivojlangan.
Vazir o’z navbatida, g‘o‘zalarning holati va ularning gullash fazasiga e'tibor qaratar ekan, ko‘sak qurtiga qarshi ishlov berishning ahamiyati, tomchilatib sug’orish, shuningdek, g’o’zani 76 sxemada qo‘shqator qilib ekish orqali hosildorlikni karrasiga oshirish borasida takliflar berib o’tdi.
Keyingi manzil Sharof Rashidov tumani “Shirin” fermer xo‘jaligi dala maydoni bo’ldi. 34,1 gektar yer maydonini egallagan hududda g‘o‘zaning mahalliy “Ravnaq-1” va “Ravnaq-2” navlari yetishtirilmoqda. G‘o‘zaning vegetativ holatini ko‘zdan kechirgan vazir, shu kungacha ko‘rsatilgan agrotexnik tadbirlar jarayoni va xo‘jalik mehnat jamoasining kelgusi harakatlar rejasi bilan qiziqdi. Fermer xo‘jaligi rahbarining ma’lum qilishicha, dalaga ekilgan g‘o‘za navlarini yetishtirishda mulchalash, somon to‘shash, plyonka ostiga ekish hamda tomchilatib sug‘orish kabi agrotexnologiyalardan foydalanilib, ushbu usullarning samaradorligi bir-biriga taqqoslab o‘rganilmoqda. G‘o‘zalarning holatini ko‘zdan kechirgan vazir Ibrohim Abdurahmonov agrar sohada izlanishlar olib borish, tajriba to‘plash yaxshi amaliyot ekanligi, lekin bu kabi amaliyotlar hosilni yo‘qotish hisobiga qilinmasligi lozimligini ta’kidlar ekan, g‘o‘zaning vegetativ holatini yaxshilash va hosildorlikni oshirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
Mutaxassislarning fikricha, tomchilatib sug‘orish tizimi va plyonka ostiga ekish ishchi kuchi va begona o‘tlarga qo‘llaniladigan gerbitsid uchun sarflanadigan mablag‘ni tejashga imkon yaratmoqda. Dalada g‘o‘za nihollari 76 ga 5 sxemada ekilgan bo‘lib, hisoblab chiqilganda gektariga 150 ming atrofida ko‘chatni tashkil etadi. Hosildorlik ham shunga yarasha 55-60 sentner bo‘lishi kutilmoqda.
Darhaqiqat dalada omilkorlik va ilmiy yondashuv asosida ishning tashkil etilmagani yaqqol sezilib turibdi. Shu bois nafaqat fermer xo‘jaligi rahbariga, balki tuman va viloyat mutasaddilariga g‘o‘za maydonlarida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Vazir navbatdagi lokatsiya bo‘yicha Sharof Rashidov tumani “Mingbuloq” SIU dala maydonida bo‘ldi. 23,6 gektar maydonni egallagan hududda Xitoyning “Xin Lu Zhoang-52” navi yakka qator 90 sxemada yomg‘irlatib sug‘orish tizimi asosida ekilgan. Yomg‘irlatib sug‘orish tizimining ahamiyati shundaki, ekinlarni parvarishlashda suvni imkon boricha tabiiy yomg‘irlatish tarzida suv yetkazib beradigan usulidir. Bu orqali, tuproq namligini boshqarish, o‘simliklarni kerakli miqdorda va o‘z vaqtida suv bilan ta’minlash imkonini beradi, bu ularning sog‘lom o‘sishi hamda rivojlanishiga yordam beradi. Yana bir ahamiyati shundaki, bir sutkada 10 gektar hududni sug‘orish imkonini beradi. Bu yerda vazir dastlab xorijdan keltirib ekilgan g‘o‘zaning vegetativ holatini ko‘zdan kechirar ekan, shu kungacha ko‘rsatilgan agrotexnik tadbirlar jarayoni va xo‘jalik mehnat jamoasining kelgusi harakatlar rejasi bilan qiziqdi. Bu yerdagi olib borilayotgan ishlar qoniqarli darajada emas. Sababi, agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida bajarilmagan, chigit ekish texnologiyalariga ham amal qilinmagan, tomchilatib sug‘orish texnologiyasidan foydalanish ham aytarli darajada emas. Vazirning e’tiroziga sabab bo‘lgan jihat ham ayni shu. Vazir ayni jihatlarga e’tibor qaratar ekan, bu yerda ish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, xorijiy navni yakka holda ekish orqali hosilning kechikishiga olib kelishi, shu sababli 76 sxemada tomchilatib sug‘orish asosida plyonka ostiga qo‘shqator qilib ekish orqali hosildorlikni karrasiga oshirish, shuningdek, ilmiy yondashuv asosida ilg‘or va zamonaviy qishloq xo‘jaligi agrotexnologiyalarini ishlab chiqish, vegetatsiya davrida alohida nazorat olib borish ularning aprobatsiyasini to‘g‘ri va o‘z muddatida o‘tkazish borasida o‘z takliflarini berib o‘tdi. Maqsad bitta – integratsiyalashuv asosida fermerlar malakasini oshirish va bu orqali xorijiy g‘o‘za navlari ekilishidan tortib, to hosilni yig‘ib olishgacha bo‘lgan jarayonni to‘laqonli anglab yetishdan iborat. Zero, hosildorlikni oshirish orqali oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni qondirish, uning xavfsizligini ta’minlash, eksport geografiyasini kengaytirish – xalqimizning turmush sharoitini oshirish imkonini beradi.