description

Agrar sohaga raqamlashtirish: shaffoflik va avtomatlashtirish yo‘lida yangi qadamlar

Qishloq  xo‘jaligi  vaziri,  O‘zbekiston  Respublikasi  Prezidenti  huzuridagi  Paxtachilik  kengashi  raisi  Ibrohim   Abdurahmonov boshchiligida  o‘tkazilgan  yig‘ilishda  paxta  va  g‘alla hosilini qabul qilish jarayonini to‘liq raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Vazir o‘rinbosari Qahramon Yuldashev, markaziy apparat vakillari va “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MChJ rahbariyatining ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda hosil qabuli jarayonida shaffoflikni ta’minlash va inson omilisiz avtomatlashtirilgan tizimni yo‘lga qo‘yish borasidagi yechimlar muhokama qilindi. Uchrashuvda “Hosil qabuli” axborot tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha O‘tkir Maxmudov tomonidan taqdimot o‘tkazildi. Taqdimotda tizimni tegishli platformalar bilan integratsiyalash ishlarining jadal sur’atlarda olib borilishi, kelgusida esa “Agrotarozi” dasturiy ta’minotini ishlab chiqish, fermer xo‘jaliklari va agrosanoat klasterlari uchun shaxsiy kabinetlarni yaratish, shuningdek, tizimni amaliyotga joriy etish va sinovdan o‘tkazish rejalariga to‘xtalindi.

Vazir Ibrohim Abdurahmonov yig‘im-terim mavsumigacha ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar bilan yaqindan tanishib, mazkur modernizatsiyaning asosiy maqsadi – raqamlarning to‘g‘ri aks ettirilishi orqali shaffoflikni ta’minlash ekanligini ta’kidladi.  Shu  munosabat  bilan,  tizimning   mukammal  ishlashi  uchun  nafaqat  markaziy  ofisda, balki  joylardagi  qabul    punktlarida  ham ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, tizimning uzluksiz faoliyatini ta’minlash va inson omilining xatoliklarini kamaytirish maqsadida fan, texnika va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bundan tashqari, yig‘ilishda axborot tizimidagi ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash, tizimning mobil ilovasini yaratish va qabul punktlarida qo‘llaniladigan texnologiya hamda uskunalar ro‘yxatini ishlab chiqish kabi masalalar ham keng muhokama qilindi.

Menyu