Andijonda urug‘chilik, hosildorlik va kelajak rejalari muhokama qilindi
2025-yil 7-iyul kuni Urug‘chilikni rivojlantirish markazi DUK direktori Sh.Otajonov, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Sh.Nomozov, soha olimlari hamda mas’ul tashkilot vakillari ishtirokida Andijon viloyatining Shahrixon tumanidagi “Vodiydagi elita sara urug‘lari” xususiy urug‘chilik fermer xo‘jaligida dala seminari tashkil etildi. Tadbirda viloyat hokimligi, Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, Urug‘chilik markazining hududiy bo‘limi, Agroxizmatlar markazi xodimlari va urug‘chilik fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Seminardan ko'zlangan maqsad Andijon viloyatida yetishtirilayotgan g‘o‘za navlarining rivojlanishi, xorijiy navlar ekilgan dalalardagi agrotexnik tadbirlar samaradorligini joyida ko‘rib chiqish va ilmiy tavsiyalar berishdan iborat.
Dala seminarida “Vodiydagi elita sara urug‘lari” xo‘jaligida 2025-yil hosili uchun ekilgan “Ravnaq-1” navi muhokama qilindi;
Boshqarmalar rahbarlari g‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli bajarish muhimligini ta’kidladilar;
Ob-havo sharoitlari, iqlim o‘zgarishlari fonida hosildorlik pasayganini inobatga olgan holda, fermerlarga moslashuvchan yondashuvlar bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Olimlar tomonidan qishloq xo‘jaligidagi iqlim muammolari yuzasidan amaliy va nazariy fikrlar, shuningdek, hosildorlikni oshirish bo‘yicha individual tavsiyalar berildi. Seminar davomida ishchi guruh “Yashil vodiy yulduzi” fermer xo‘jaligi dala maydonlarini ko‘zdan kechirdi. Bu xo‘jalikda 58 gektar maydonga Xitoydan keltirilgan 07-69 navi qator oralig‘i 76 sm bo‘lgan usulda ekilgan. Mutaxassislar ushbu navning istiqboli, agrotadbirlarni o‘z vaqtida bajarish orqali kutilgan hosilga erishish imkoniyati haqida tavsiyalar berdilar. So‘ngra ishchi guruh “Agro Bereke” MChJ tomonidan tashkil etilgan urug‘lik chigitlarni kimyoviy usulda tukdan tozalash va dorilash sexiga tashrif buyurdi. Bu yerda xorijiy navdagi urug‘liklar tayyorlash, ularni fermerlarga yetkazib berish bo‘yicha ham rejalar muhokama qilindi. Ushbu dala seminari ilm, amaliyot va tajribaning uzviy bog‘lanishida tashkil etilib, Andijon viloyatida yuqori hosildorlikka yo‘naltirilgan yondashuvlar asosida agrotexnik ishlarni sifatli tashkil etishga xizmat qiladi.