description

Avstraliyaning paxta urug‘chiligidagi yetakchi kompaniyasiga tashrif

Ayni kunlarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi ilmiy muassasalar olimlari va Prezident huzuridagi Paxtachilik kengashi a’zolaridan iborat delegatsiyaning Avstraliyada xizmat safari davom etmoqda. Delegartsiyaning navbatdagi manzili Avstraliyaning qishloq xo‘jaligi sohasida muhim o‘rin tutadigan Cotton Seed Distributors Limited (CSD) kompaniyasi paxta urug‘chiligi bo‘yicha dunyodagi eng nufuzli tashkilotlardan biri hisoblanadi. 1967-yilda tashkil etilgan CSD paxta yetishtirishning har bir bosqichida fermerlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan innovasion yechimlar va yuqori sifatli urug‘larni taqdim etib kelmoqda.

 CSDning asosiy maqsadi – paxta yetishtiruvchilarni yuqori hosildorlikka erishish uchun genetik jihatdan takomillashtirilgan va kasalliklarga chidamli urug‘lar bilan ta’minlash. Shuningdek, kompaniya fermerlar uchun zamonaviy agrotexnika yechimlari va maslahatlar berib, qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishga yordam beradi.

Bugungi kunda Cotton Seed Distributors Limited faoliyati nafaqat Avstraliyada, balki dunyo miqyosida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov rahbarligidagi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Prezident huzuridagi Paxtachilik kengashi vakillaridan iborat delegatsiya a’zolari ham Avstraliyaga amalga oshirayotgan xizmat safari doirasida ushbu kompaniyaga tashrif buyurdi. Tashrif davomida delegatsiya kompaniyaning zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan tadqiqot markazi, urug‘larni tozalash jarayonlari hamda hosildorlikni oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ilmiy ishlari bilan yaqindan tanishdi. O‘zbekiston delegatsiyasi CSD faoliyatini yuqori baholab, ushbu modelni O‘zbekistonda joriy etish imkoniyatlarini o‘rganishga katta qiziqish bildirdi.

CSD Avstraliya paxta sanoatini asosiy qo‘llab-quvvatlovchi tashkilot hisoblanadi. Kompaniyaning yuqori sifatli urug‘lari mamlakatda paxta yetishtirish hajmini sezilarli darajada oshirgan va fermerlarga barqaror daromad manbaini taqdim etishga yordam bergan. Shuningdek, CSDning innovatsion yondashuvlari xalqaro bozorda Avstraliya paxtasining obro‘sini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Cotton Seed Distributors Limited nafaqat paxta urug‘lari, balki bilim, innovatsiya va barqarorlik bo‘yicha ham yetakchi hisoblanadi. Uning faoliyati nafaqat Avstraliya fermerlari uchun, balki butun dunyo miqyosida qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or yechimlar yaratishga qaratilgan. O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi esa, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik uchun yangi yo‘l ochishi mumkinligidan darak beradi.

Menyu