Chillada g‘o‘za parvarishini mas'uliyat bilan o‘tkazaylik
Joriy yil g‘o‘za parvarishida yozning chillasida bajariladigan ishlarni o‘z vaqtida o‘tkazish, hosilning ertagi va sifatining yuqori bo‘lishini ta’minlaydi. Bunda g‘o‘zani sug‘orish va chilpish ishlariga jiddiy e’tibor berish maqsadga muvofiqdir.
G‘o‘za parvarishida sug‘orish asosiy agrotadbirlardan hisoblanadi. O‘simlikning o‘sishi, rivojlanishi va mo‘l hosil to‘plashi sug‘orish muddati va me’yorlari to‘g‘ri belgilanishiga bog‘liq.
G‘o‘zaning holati, tuproqning mexanik tarkibi va gidromodul hududlarni hisobga olib, sug‘orish muddati, me’yori va soni quyidagicha belgilanadi: sizot suvlari sathi 3 metrdan chuqur joylashgan yerlarda g‘o‘zaning gullash va hosil tugish davrida sug‘orish me’yori yengil tarkibli tuproqlarda gektariga 800-900 m3, o‘rta va og‘ir tuproqlarda 900-1000 m3 ni tashkil etishi lozim. Sizot suvlari yaqin yerlarda sug‘orishlarda qator oralatib, kam-kam me’yorda qo‘yish va egatlarni almashtirish, ya’ni ikkinchi sug‘orishda suv berilmagan egatlardan suvni taralishi to‘liq ta’minlanishi kerak.
⌛G‘o‘zaning gullash davrida sug‘orish davomiyligi mexanik tarkibi yengil tuproqlarda 14-16, o‘rta va og‘ir tuproqlarda 16-18, yalpi gullash va hosil tugish davrida esa mos ravishda 16-18 va 18-20 soatdan oshmasligi kerak. Sharbat usulida sug‘orish suvdan samarali foydalanish va g‘o‘zaning mineral oziqani to‘liq o‘zlashtirishida muhim o‘ringa ega. Bunda go‘ng oziqa bo‘lish bilan birga, mulcha vazifasini bajarib, suvning ortiqcha bug‘lanishini kamaytiradi, tuproqqa singishini yaxshilaydi, namni yaxshi saqlaydi. Rejalashtirilgan me’yordagi suv berilgandan so‘ng sug‘orish to‘xtatiladi. G‘o‘za qator oralari 60 sm bo‘lgan maydonlarda sug‘orishni egat oralatib (bir egat tashlab) o‘tkazish 15-20 foizgacha suvni tejash imkonini beradi.
📊Har sug‘orishdan keyin g‘o‘za qator orasi tuproq yetilishi bilan, kesak hosil qilinmay mayin kultivatsiya qilinishi kerak. Bunda, “boranka” usulidan keng foydalanish yaxshi samara beradi.
‼️Suvdan suvgacha g‘o‘za qator orasiga 2 marta ishlov beriladi, ikkinchi ishlovda sug‘orish uchun jo‘yak olinadi. Sug‘orishdan so‘ng tuproqqa chuqur ishlov berish shart emas. Asosan boranka yoki ko‘p miqdorda KKO o‘rnatilib 10-12 sm chuqurlikda tuproqni yumshatish, ortiqcha nam bug‘lanishining oldini oladi va tuproqda namlik yaxshi saqlanadi.
📌Bu esa sug‘orishlar orasidagi muddatni 4-5 kunga uzaytirishga va o‘simlikning o‘sishi, rivojlanishi va hosil to‘plashiga zarar yetkazmagan holda mavsum davomida bir marotaba sug‘orish suvini tejashga imkon beradi. Suvdan foydalanish samaradorligi 15-20 foizga va paxta hosili 3-4 s/ga oshadi.
G‘o‘zalar gulga kira boshlagan paykallarda azot va fosforli o‘g‘itlar gektariga sof holda 70-75 kg azotni va 40-50 kg sof holda fosforni tashkil qiladi. G‘o‘zani gullash davrlarida gektariga 500-700 kg quruq go‘ngni azotli o‘g‘itlar bilan birgalikda qo‘llash paxta hosilini gektaridan 2,0 sentnerga oshiradi. O‘suv davridagi oziqlantirishni oxirgi muddati g‘o‘za gullay boshlashining to‘g‘ri kelishi kerak, ya’ni 5-10 iyuldan kechiktirilsa paxtani pishishini kechiktirishga olib keladi.
🔼G‘o‘za vegetatsiyasi davrida stimulyatorlar bilan ishlov berish o‘simlikning o‘sishi va rivojlanishini jadallashtiradi, kasallik va zararkunandalarga bardoshligini oshiradi, mineral o‘g‘itlardan samarali foydalaniladi, hosildorlik 10-15% ortadi, tola va chigir sifati yaxshilanadi. G‘o‘zaning gullash davrida Uzgumi 0,4 l/ga, Fitovak 400 ml/ga, Baykal EM1 3,5 l/ga, Mers 0,5 l/ga me’yorlarda sepiladi.
📈Fermerlarimiz yuqoridagi tavsiyalarga amal qilishsa, g‘o‘za hosili mo‘l, sifati yuqori bo‘lishi bilan birga, yig‘im terimni qisqa muddatda o‘tkazish, paxta xom-ashyosini yuqori navlarga sotish va iqtisodiy samaradorlikning ortishiga erishadilar.
Agrotavsiya Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan tayyorlandi.