Chilpish — mo‘l va sifatli hosil garovi
Bugun Toshkent viloyati Paxtachilik kengashi ishchi guruhi rahbari Q.Yusupov Bo‘ka tumanidagi “Bobur Zuxriddin Agro” fermer xo‘jaligida bo‘lib, yerda amalga oshirilayotgan chilpish ishlari bilan yaqindan tanishdi. Ushbu fermer xo‘jaligida chilpish texnika yordamida, ya’ni mexanik usulda olib borilmoqda. Bunda chilpish moslamasi kultivator oldiga o‘rnatilib, g‘o‘za qator oralariga ishlov berish bilan birgalikda chilpish bajarilmoqda. Bu usul mehnat tejamkorligi hamda bir xilda sifatli natijaga erishish imkonini beradi.
Ma’lumki, chilpish orqali g‘o‘za o‘suv nuqtasi olib tashlanadi va bu o‘simlikning yangi hosil shoxlariga kuch yo‘naltiradi. Vaqtida va to‘g‘rio‘tkazilgan chilpish natijasida:
g‘o‘zadagi ko‘saklar soni 2–3 taga ko‘payadi;
meva sifati yaxshilanadi;
o‘simlik ichki resurslarini hosilga qaratadi.
Chilpish juda muhim agrotexnik tadbir hisoblanadi: uni erta o‘tkazib yuborish g‘o‘zani haddan tashqari gullatib yuborsa, kechiktirish esa hosildorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, bu tadbirni nav xususiyatlari, yer unumdorligi va ekin zichligiga qarab tabaqalashtirib amalga oshirish tavsiya etiladi. Ayni kunlarda Toshkent viloyatining boshqa hududlarida ham chilpish ishlari bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda. Mutaxassislar fikricha, texnik vositalardan oqilona foydalanish orqali samaradorlikni yanada oshirish mumkin.