description

Gʻoʻzada tomchilatib sugʻorish texnologiyasini qoʻllash

    Global iqlim oʻzgarishi, aholi sonining va iqtisodiyot tarmoqlarining oʻsishi, ularning suvga boʻlgan talabi yil sayin oshib borishi tufayli suv resurslarining taqchilligi yildan-yilga kuchayib borishi natijasida respublikamiz 2030-yilga borib, suv tanqisligi eng kuchli kuzatiladigan 33 ta davlatdan biriga aylanishi mumkin. Aynan global suv tanqisligi kutilayotgan 2024-yilda Oʻzbekistonda gʻoʻzani sugʻorishda suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllash va suvdan foydalanish samaradorligini oshirish galdagi dolzarb masala sanaladi. Bunday sharoitda yaqin kelajakda gʻoʻza yetishtirishda kuzatiladigan suv tanqisligi muammosini tahlil qilgan holda paxtadan yuqori va sifatli hosil olish uchun ilmiy asoslangan tavsiyalarga amal qilish, suv tejovchi qurilmalarni qo’llash talab etiladi. 

Quyida tomchilatib sugʻorish texnologiyasi haqida batafsil ma'lumot beramiz:

Filtrlash qurilmasi - sugʻorishda foydalaniladigan suvning tarkibidagi yirik va mayda zarralarni suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyasi talabi darajasida tozalashga moʻljallangan qurilma.

Bosh (magistral) quvur – kerakli miqdordagi suvni tizim nasos kurilmasidan olib tarqatuvchi quvurlarga yetkazib berish uchun moʻljallangan yer osti yoki ustida yotqiziladigan quvurlar.

Tarqatuvchi quvur - suvni bosh quvurdan olib tomizgichli sugʻorish shlanglariga yetkazib va taqsimlab berish uchun yoki qator orasiga suvni tarqatishga xizmat qiluvchi yer osti yoki ustida yotqiziladigan quvurlar.

Tomizgichli sugʻorish shlanglari - ekinlar qatorlari oralariga yotqiziladigan va belgilangan me'yordagi suvni oʻsimlik ildiz tizimiga yetkazib berish uchun moʻljallangan tomizgichli shlanglar. Shlanglar oʻrta va ogʻir mexanik tarkibli tuproqlarda 60 sm qator oraligʻida qator oralatib, yengil mexanik tarkibli tuproqlarda har bir qatorga qoʻyiladi.

    Odatdagi sugʻorish usullari qoʻllanilganda, dala tuprogʻi sugʻorishdan oldin haddan ziyod qurib ketsa, sugʻorishdan keyin uning namligi keragidan ortib ketadi. Bunday sharoitda ekin avval namlik yetishmasligidan, keyinchalik namlik koʻpligidan aziyat chekadi, yaʼni bir stress holatdan chiqib, boshqa stress holatga tushadi. Bunda u oʻz energiyasini ana shu stress holatidan chiqib ketish uchun sarflaydi. Tomchilatib sugʻorilganda esa oʻsimlikning ildiz qatlamida doimiy bir hil namlik sharoiti yaratiladi va uning stress holatiga tushishi sabablari bartaraf qilinadi. Oʻsimlikka kerak boʻlgan vaqtda suv va ozuqa moddalarni olish imkoniyati yaratiladi. Tomchilatib sugʻorish texnologiyasida suv butun dalaga emas, balki dalaning ekin yetishtirilayotgan qismiga - oʻsimlikning ildiz qatlamiga yetkazib beriladi.

Menyu