Hududlarda xorijiy g'o'za navlarini ekish bo'yicha ilmiy-amaliy seminarlar bo'lib o'tmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Qishloq xoʻjaligi maydonlaridagi qoʻshimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni koʻpaytirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida" gi qarori boʻyicha targʻibot ishlari amalga oshirildi. Tuman hokimligi katta majlislar zalida Respublika ishchi guruh aʼzosi, Buxoro viloyati Qishloq xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi Askar Javadov, viloyat Oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshligʻi Otabek Muxtorov hamda tuman hokimi oʻrinbosari Turg’un Boboqulovlar boshchiligidagi yigʻilishda qishloq xoʻjaligi sohasi masʼullari, mahalla raislari, fermer xoʻjalik rahbarlari ishtirok etdi.
Yigʻilish avvalida soʻz olgan viloyati Qishloq xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi Askar Javadov qaror asosida dala chetlari hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va koʻp qavatli uylar oldi, mahallaning ichki koʻchalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish tizimini takomillashtirish boʻyicha yangi tizim joriy etilganligini, bunda dala chetlarini ikkilamchi ijaraga olish istagini bildirgan talabgorlar roʻyxatini shakllantirishda kambagʻal oilalarning aʼzolariga ustuvorlik berilishini taʼkidladi. Yigʻilish davomida dala chetlariga ekin ekmagan va yil davomida mahsulot yetishtirmagan yerdan foydalanuvchilarga nisbatan dalolatnoma rasmiylashtirib, jarima qoʻllash uchun Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga taqdim qilinishi boʻyicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Doimiy foydalanish huquqi asosida berilgan yerlarda joylashgan dala chetlaridan 1 yil mobaynida unumli foydalanmaganligi yuzasidan ushbu yerlar biriktirilgan davlat organlariga taqdimnomalar kiritilishi maʼlum qilindi. Agrosanoatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi tomonidan dala chetlariga ekilgan "in-vitro" usulida yaratilgan mevali payvandtagli koʻchatlarni sotib olish xarajatlarining 50 foizi miqdorida, biroq har bir mevali payvandtagli koʻchatga 25 ming soʻmdan oshmagan subsidiya ajratiladi va tijorat banklarining buyurtmanomalariga asosan Markaziy bankning asosiy stavkasida tijorat banklariga resurs sifatida mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Shuningdek yigʻilishda soʻz olgan viloyat Oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshligʻi Otabek Muxtorov taʼkidlashicha qarorga asosan Agrosanoatni rivojlantirish boshqarmasining tavsiyasiga koʻra dala chetini oʻzlashtirish va mahsulot yetishtirish uchun zarur boʻlgan urugʻ, koʻchatlar, mineral oʻgʻitlar, kimyoviy preparatlar, moddiy-texnik resurslar bilan taʼminlanadi. Suv bilan taʼminlash uchun nasos va quvurlarni oʻrnatish xarajatlarining 50 foizdan koʻp boʻlmagan qismini qarz oluvchining bank kartalariga oʻtkazish yoʻli bilan 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada kreditlar ajratilishi, mazkur resurslar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 30 sentyabrdagi PQ-344-son qaroriga asosan Agrosanoatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasiga Davlat byudjetidan ajratiladigan ssuda mablagʻlari hisobidan yoʻnaltirilishi haqida soʻz yuritildi.
Yigʻilish davomida fermer xoʻjalik rahbarlari va mahalla raislari tomonidan bildirilgan savollarga masʼullar tomonidan batafsil tushuntirish ishlari olib borilib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Qishloq xoʻjaligi maydonlaridagi qoʻshimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni koʻpaytirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida" gi 465-sonli qarori ijrosi yuzasidan tegishli tashkilot rahbarlariga koʻrsatma va topshiriqlar berildi. Bundan tashqari, viloyat "Agro xizmatlar" markazi rahbari Nodir Yo'ldoshev hamda tuman mutaxassislari Xitoy texnologiyalari asosida xorijiy g'o'za navlarini ekish, uning agrotexnikasi va hosildorligi yuzasidan tavsiyalar berildi.