Iqlim o‘zgarishi sharoitida paxtachilikning global muammolari va yutuqlari
Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot isntitutida O‘zbekistonda paxtachilik sohasidagi muhim tadbirlardan biri – “Iqlim o‘zgarishi sharoitida paxtachilikning global muammolari va yutuqlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan konferensiyada dunyoning turli mamlakatlaridan taniqli olimlar, mutaxassislar va amaliyotchilar ishtirok etdi. Tadbirning ochilish marosimida yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari, shuningdek, xalqaro olimlar so‘zga chiqishdi. Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktori, akademik Namozov Shodman Ergashovich tadbirga raislik qilib, O‘zbekiston paxtachiligining dolzarb muammolari va global yutuqlari haqida so‘z yuritdi.
Tadbirda Milliy markaz direktori, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi paxtachilik kengashi kotibi, professor Shuhrat Otajonov, shuningdek, Xitoy, Turkiya, Tojikiston va boshqa davlatlardan kelgan taniqli olimlar qatnashib, o‘zlarining ma’ruzalari bilan o‘rtoqlashdilar. Jumladan, xitoylik professor Van Zhanbyao “Iqlim o‘zgarishining Shinjon paxtasi hosildorligi va sifatiga ta’siri” mavzusidagi, turkiyalik professor Aysha Nuran Chil esa “Makkajo‘xori, paxta va soya genotiplarining genetik modifikatsiya holatini aniqlash” bo‘yicha so‘nggi tadqiqot natijalariga bag‘ishlangan ma’ruzalari katta qiziqish bilan tinglandi. Binobarin, paxta yetishtirishda iqlim o‘zgarishi ta’sirini kamaytirish, genetik tadqiqotlar va agrotexnologiyalarni takomillashtirish bo‘yicha so‘nggi ilmiy ishlanmalar taqdim etildi. Shuningdek, resurslarni tejash va milliy genofondni rivojlantirish borasida amaliy tavsiyalar berildi.