Mirishkor tumanida qayta ekilgan paxta dalasida simqurt zararkunandasi aniqlandi
Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani S.Murodov hududida joylashgan “Xoliqov Sardor Saidaliyevich” fermer xo‘jaligi tomonidan 8 gektar maydonga 76×10 sxemada, yakka qator holatda xorijiy "XinLaoZao 57" navli chigit ekib parvarishlanmoqda. Dastlab ekilgan chigitning unib chiqishi sust bo‘lgani sababli, maydon buzilib, takroran ekildi. Hozirda chigit suvi berilmoqda.
Paxtachilik kengashi viloyat ishchi guruhi a’zosi Sh.Jumayev hamda Qashqadaryo viloyati Agroxizmatlar markazi Mirishkor tumani bosh mutaxassisi A.Haydarov tomonidan 2025-yil 22-may kuni joyiga chiqib, xo‘jalik ishchi-xizmatchilari bilan birga holat o‘rganildi. Chigit ekilgan maydonni ko‘zdan kechirish jarayonida, unda mahalliy tilda "simqurt" deb ataluvchi zararkunanda mavjudligi aniqlandi. Mazkur vaziyat yuzasidan dalada biologik va kimyoviy himoya choralarini qo‘llash, xususan, zararkunandalarga qarshi biomahsulotlar bilan ishlash bo‘yicha agromaslahatlar berildi.
Eslatma: Simqurt (Agriotes spp.) – chigit va yosh nihollarni yemiruvchi, tuproq ostida yashovchi xavfli zararkunandadir. Unga qarshi kurashda kompleks yondashuv – agrotexnik, biologik va kimyoviy choralarni uyg‘unlashtirish muhimdir.