description

Navoiy tajribasi: foydalanishga qaytarilayotgan cho’l hududlari 

    Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Navoiy viloyatiga amalga oshirgan ishchi tashrifi davomida u Konimex tumanidagi “Navoiy world agrotech” MChJga qarashli dala maydonlarida olib borilayotgan agrotexnik jarayonlar bilan tanishdi. Tumandagi 9 650 gektar maydonning 100 gektarlik qismida xorijdan keltirilgan serhosil paxta navi zamonaviy agrostandartlar asosida parvarish qilinmoqda. Ekinlar 76x10 sxema bo‘yicha qo‘shqator usulda, plyonka ostiga ekilgan. Mazkur hududda oziqlantirishning barcha bosqichlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan bo‘lib, bu suv tejamkorligi va hosildorlikni oshirishga xizmat qilmoqda. E’tiborlisi, avval cho‘l hudud hisoblangan ushbu yerlar hozirda Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda qayta foydalanishga kiritilmoqda.

    Loyiha doirasida g‘o‘za navlarini yetishtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Yerni tekislash ishlari maxsus lazer texnologiyasi yordamida amalga oshirilmoqda. Qator oralariga ishlov berish va navlarni parvarish qilish agrotexnik qo‘llanmalarga muvofiq olib borilmoqda. Yer tayyorlash jarayoni ma’lum vaqt talab etgani bois, ekish biroz kechikkan bo‘lsa-da, mas’ullar ta’kidlashicha, mavsum yakuniga qadar hosil to‘liq yetilishi va terimga tayyor bo‘lishi kutilmoqda.

    Vazir  Ibrohim  Abdurahmonov  dala  hududida  qo‘llanilayotgan  ilg‘or  yondashuvlarni  yuqori  baholab,  loyiha  ijrochilari —  fermer  va investorlar bilan suhbatlashdi. U ekin maydonlarini kengaytirish, hosildorlikni yanada oshirish va ishlarni izchil tashkil etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berdi.

Menyu