Oq oltinni terishda barcha tizim tashkilotlari hodimlari o‘z hissalarini qo‘shishdi
Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani hududida joylashgan O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma korxonasi — “Peng Sheng” MCHJning paxta-dala maydonida ish qizg'in ketmoqda. Qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib borayotgan har kim borki, terim jarayoniga befarq bo‘la olmaydi, albatta. Shu nuqtai nazardan, dala maydonida Qishloq xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati, tizim tashkilotlari xodimlari terim jarayoniga o‘z hissalarini qo‘shishdi.
Aytish joizki, joriy yildan e'tiboran, yurtimiz dalalarida xorijiy g'o‘za navlari ekish amaliyoti joriy etildi. Albatta, bu o‘z samarasini bermasdan qolmadi. “Peng Sheng” MCHJning mazkur 67 gektarli yer maydonida tomchilatib sug‘orish orqali — 34 gektarida qo‘sh qator hamda qolgan qismida oddiy 76 sm yakka qator usulida xorijiy paxta navi ekilgan.
Paxtachilik tarmog‘ini rivojlantirish, eng avvalo, mamlakat oziq-ovqat strategiyasi yo‘nalishlari talablarini bajarish va xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu kabi ishlar asnosida bugun yurtimizning har bir hududida paxta yig‘im-terim ishlari jadal olib borilmoqda. Paxtalarning bo‘liq shaklda ochilgani ham ko‘zni quvontiradi. Aytish kerak, bundan bir necha kun oldin qo‘lda terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun 1 ming 500 so‘mdan haq to‘lanayotgan edi. Joriy yilning 9-oktyabr sanasida qo‘lda terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun 2 ming 500 so‘mdan haq to‘lanishi e’lon qilindi. Terim jarayonida bevosita ishtirok etgan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov paxtachilikda bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar, ilmiy ishlanmalar hamda xorij tajribasi haqida so‘z yuritdi.