Qishloq xo‘jaligi vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi raisi Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi ishchi guruhi a’zolari Farg‘ona viloyatida bo‘lishdi
Farg‘ona viloyatida paxtachilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligi hamda xorijiy goʻza urug‘lari ekilgan maydonlarda zarur agrotexnik tadbirlarni o‘z muddatida va sifatli bajarilishini joyiga chiqqan holda monitoring qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi raisi Ibrohim Abdurahmonov boshchiligida kengash a’zolarining Farg‘ona viloyatiga tashrifi amalga oshirildi.
Ma’lumot uchun, viloyatda jami 8 213 gektar maydonga (jami paxta maydonlarining 10,6 foizi) xorijdan keltirilgan urug‘lar ekilgan. Paxtachilik kengashi a’zolari dastlab Yozyovon tumanidagi “Meʼzon” fermer xo‘jaligida bo‘lishdi. Bu yerda Xitoy tajribasi asosida qo‘shqator usulida plyonka ostiga hamda ochiq maydonga 76 sm sxemada xorijiy g‘o‘za navi ekilgan. Navning rivojlanish fazasi yaxshi, biroq ko‘chatlar sonini (240 ming ko‘chat/ga) hisobga olgan holda biologik preparatlar bilan oziqlantirishni zudlik bilan amalga oshirish kerakligi alohida taʼkidlab o‘tildi.
Keyingi hududlar “Qorasoqol” MFY hududida aholiga dexqonchilik qilish uchun ajratib berilgan maydonlarda tashkil etilgan “Qodirxoji Rustam” poliz ekinlari yetishtirish kooperatsiyasi, urug‘lik uchun mahalliy “S-8290” navi ekilgan Uchtepa tumanidagi “Baxrombek” fermer xo‘jaligi, Xitoy go‘za navi ekilgan Uchtepa tumanidagi “Aslibek baraka fayz” fermer xo‘jaligi maydoni va “Fergana Global Textile” MCHJ paxta-to‘qimachilik klaster korxonasi tomonidan tashkil etilgan “Agromarkaz” bo‘ldi. Shuningdek, “Qiyqi” MFY hududida Sayxunobod tajribasi asosida aholi tomorqalarida tashkil etilgan sabzavot va poliz mahsulotlarini yetishtirish jarayoni bilan tanishildi.
Kengash raisi va a’zolari tomonidan hozirgi kunda g‘o‘zani parvarishlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan va bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berildi. Hususan, g‘o‘za parvarishi bo‘yicha hududlarda bir necha marotaba tanqidiy mulohazalar va tushuntirishlar bildirilganligiga qaramasdan go‘za agrotexnikasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar talabga javob bermasligi, hozirgi kunda go‘za maydonlarining shonalash fazasida ekanligi va rivojdan orqada qolayotganligi, aksariyat maydonlarda begona o‘tdan tozalash, chopiq qilish ishlari, shira-tripsga chidamlilikni oshirish va go‘zani rivojlantirish massadida bargdan oziqlantirish ishlari kechikayotganligi taʼkidlandi.
Shundan so‘ng, viloyatda agrar sohada investitsiyalarni o‘zlashtirish, eksport, yangi bog‘lar barpo etish, paxta agrotexnikasi, g‘alla o‘rimiga tayyorgarlik hamda boshqa masalalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda viloyatning sohaga masʼul rahbarlari va Paxtachilik kengashining hududiy ishchi guruhi aʼzolarining hozirgi kunda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha hisobotlari tinglanib, paxtani yaxshi rivojlantirish maqsadida chuqur ishlov berish, kultivatsiyani muddatida o‘tkazish, hasharotlarga karshi kurashish hamda fenologik kuzatuvlarni qayd etib borish bo‘yicha daftarlarning yuritilishidagi kamchiliklar yuzasidan tushuntirishlar berildi.