description

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi paxtachilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Respublika Paxtachilik kengashi a'zolarining 2024-yil yakunlari va 2025-yilda amalga oshiriladigan ishlar rejalariga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda genetik jihatdan o‘zgartirilgan (Bt)* g‘o‘za navlarini yetishtirish,  kasallik va zararkunandalarga chidamliligini boshqarish hamda yuqori samarador mahalliy intensiv agrotexnologiyani joriy etish   muhokama qilindi.

2025-yil hosili uchun amalga oshiriladigan yangi paxtachilik tajribasi quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi:

Umumiy paxta ekiladigan maydonlarning:

  • 20 foiziga – ko‘sak qurtiga hamda gerbisidlarga chidamli (Bt) g‘o‘za navlari joylashtiriladi hamda intensiv agrotexnologiya, ya’ni 76x10 qo‘shqator sxemada 240 ming ko‘chat soni bilan plyonka ostida tomchilatib sug‘orish usulini qo‘llagan holda parvarishlanadi;
  • qo‘shimcha tarzda har bir xududda 20 foiz maydonga – mahalliy g‘o‘za navlari yuqori samarador intensiv agrotexnologiya asosida 76x10 qo‘shqator sxemada 240 ming ko‘chat soni bilan plyonka ostida tomchilatib sug‘orish usulini qo‘llagan holda joylashtiriladi va parvarishlanadi;
  • qolgan 60 foiziga – ilmiy asoslangan nav joylashtirish rejasi asosida hududlarning tuproq-iqlim sharoiti, sho‘rlanish, suv ta’minoti, sizot suvlari nisbati, kasallik “o‘choqlari” omillarini hisobga olgan holda tindirilgan urug‘/nav urug‘ini almashtirish dasturiga muvofiq mahalliy g‘o‘za navlari ekiladi, bunda 90 sm lik sxemadan butunlay voz kechiladi;

“Biz shu vaqtgacha biror bir navni ustunligi yoki targ‘iboti bilan chiqmaganmiz. Bizga xorij navlari bilan birga kirib kelgan xorijiy agrotexnologiya muhim. Buni fermerlarimiz yaxshi tushunishlari kerak. Jahonda BT texnologiyasiga o‘tish 1996-yilda boshlangan. Bu texnologiya patentlanganligi sabab, uni shu vaqtgacha mamlakatimizda joriy qilish mumkin bo‘lmagan. Bizga bu texnologiya xorij seleksiyasi bilan kirib keldi. 2025-yilga oid paxtachilik siyosatini olib borish mexanizmlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish lozim. Bu bo‘yicha joylarda olimlar ishtirokida seminar treninglar orqali tushuntirish va targ‘ibot tadbirlari tashkillashtiriladi”, - dedi Shuhrat Otajonov.

Yig‘ilish so‘ngida xorijiy va mahalliy g‘o‘za navlarning nazoratini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbir rejasini ishlab chiqish belgilab olindi. Shuningdek, Kengashning viloyat ishchi guruhlar a'zolari tarkibini qayta ko‘rib chiqish masalasi ham muhokama qilindi.

Bt–g‘o‘za navi – genetik jihatdan o‘zgartirish jarayonida o‘simlik irsiy apparatiga hasharot va zararkunandalar uchun zararli bo‘lgan oqsillarni sintezlovchi  Cry genlari hamda gliofasat gerbidsidiga chidamli genlar kiritilgan g‘o‘za navi. Ko‘sak qurtiga chidamlilik o‘simlikka Bacillus thuringiensis (Bt) tuproq bakteriyasining genetik materialini o‘tkazish orqali erishiladi. Genetik material o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan, ya’ni hasharot va zararkunandalariga toksik ta’sir ko‘rsatadigan, biroq sutemizuvchilar va maqsadli bo‘lmagan organizmlarga zararli ta’sir qilmaydigan oqsillarni kodlaydi.

 

 

Menyu