Paxtachilikda raqamli texnologiyalar va dronlarning afzalliklari
Zamonaviy paxtachilik an’anaviy dehqonchilikdan tubdan farq qiladi. Bugungi kunda raqamli texnologiyalar, dronlar va innovatsion uskunalar paxta yetishtirish jarayonini tezkor, samarali va kam xarajatli qilishga yordam bermoqda. Innovatsion texnologiyalar paxtachilikni yanada samarali, ekologik toza va yuqori hosilli soha qilishga xizmat qiladi. Zamonaviy usullarni joriy etish orqali dehqonlar va fermerlar o‘z mehnatini yengillashtirib, raqobatbardosh mahsulot yetishtirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Dronlar va ularning imkoniyatlari:
🔵dronlardan monitoring ishida unumli foydalanish mumkin. Ular katta maydonlarni kuzatib, tuproq namligi, o‘simliklarning o‘sish darajasi va zararkunandalarning tarqalishini aniqlaydi;
🔵sug‘orish va oziqlantirishda ham dronlar samarali vosita. maxsus dronlar yordamida o‘g‘it va himoya vositalari aniq tarqatilib, isrofgarchilik kamaytirilishiga erishish mumkin;
🔵dronlar pestitsid va biohimoya vositalarini sepish orqali hosilni kasalliklardan himoya qilib, zararkunandalarga qarshi kurashda samaralidir.
Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt:
🔵tuproq va hosildorlik tahlilini yuritishda sensorlar va maxsus dasturlar tuproq tarkibini tahlil qilib, optimal o‘g‘itlash rejalarini ishlab chiqish imkonini beradi;
🔵GPS va IoT texnologiyalari paxtani ekish, sug‘orish va o‘rim-yig‘im ishlarini avtomatlashtirish orqali yoqilg‘i va suv tejashga yordam beradi;
🔵mobil ilovalar orqali esa fermerlar daladagi vaziyatni real vaqtda kuzatib, kerakli chora-tadbirlarni ko‘rishi mumkin.
Zamonaviy texnikalar va ularning afzalliklari:
🔵avtomatlashtirilgan ekish texnikalarini qo’llagan holda urug‘larni optimal chuqurlik va zichlikda ekib, hosildorlikni oshirishga erishish mumkin;
🔵tomchilatib sug‘orish tizimlarini qo’llab, suv sarfini 50% gacha tejashga va tuproq unumdorligini saqlab qolish imkoni yaratiladi;
🔵paxta terish kombaynlari esa inson omilini kamaytirib, yig‘im-terimni tezlashtiradi va xarajatlarni qisqartiradi.