Paxtachilikda yangi agrotexnologiyalar: mahalliy navlarning "Shinjon usuli"da urug'chiligi tashkil etilmoqda
Urugʻchilikni rivojlantirish markazi direktori Shuhrat Otajonov Namangan viloyati Mingbuloq tumanida joylashgan “Fayzmuhammad ota” elita urugʻchilik xoʻjaligida bo‘ldi. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad – mazkur xo‘jalikda elita gʻoʻza urugʻchiligi yo‘nalishida mahalliy g'o'za navlarini intensiv agrotexnologiga yordamida urug'chiligini tashkil etish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar, maydonlar holati va vegetatsiya jarayonlari bilan yaqindan tanishishdan iborat bo‘ldi.
Yurtimizda paxtachilik sohasida samaradorlikni oshirish, xomashyo yetishtirish hajmini ko‘paytirish va fermerlar daromadini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, 2025-yil hosili uchun yuqori (60–70 sentner/ga) hosildorlikka erishish maqsadida ko‘sak qurtiga va gerbisidga chidamli, genetik modifikatsiyalangan mahalliy g‘o‘za navlarini yangi agrotexnologiyalar asosida ekib sinovdan o'tkazilmoqda. Bu jarayonda tomchilatib sug‘orish, plyonka ostida ekish va 76x10 sm qo‘shqator sxemasi asosiy yo‘nalish sifatida tanlandi.
Yangi agrotexnologiyaning afzalligi nafaqat yuqori hosildorlikda, balki resurslarni tejalishida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Har bir gektardan o‘rtacha 20 sentner (16 million so‘m) qo‘shimcha hosil olinadi. Shu bilan birga, 2 600 kub metr suv, 10 kg urug‘lik chigit va 460 kg mineral o‘g‘it tejalib, fermerga 18 million so‘mgacha qo‘shimcha daromad keltiradi. Bunday yondashuv paxtachilikda sifatli o‘sishga xizmat qilmoqda.
Batafsil: https://t.me/Paxtachilik_kengashi/2620