Paxtachilikda yuqori hosildorlik siri — ko‘chat qalinligida!
Joriy yilda fermerlarimiz paxta hosilining haqiqiy qudratini amalda ko‘rishdi. Ko‘pchilik buni “Xitoy navlari” bilan bog‘lasa-da, asosiy sabab bu emas — sir ko‘chat qalinligida va zararkunanda hamda begona o‘tni to‘g‘ri boshqarishda. “Shinjon usuli” — 76 sm qator oralig‘ida, plyonka ostiga tomchilatib, qo‘sha qator (66x10 sm) ekish orqali gektariga 220–240 ming tup ko‘chat joylashtirish texnologiyasidir. 2025-yilda dalalarning 90 foizida shu tizim joriy etildi (avvallari 90 va 60 sm sxemalarda 75–120 ming tup ekilar edi).
875 ming gektar maydonda 150–160 milliard tup ko‘chat parvarish qilindi. Har bir tup o‘rtacha 8 ko‘sak bersa, umumiy hosil 3,8 mln tonnagacha yetishi kutilmoqda. Bt va Gt genli navlar (ko‘sak qurtiga va gerbitsidga chidamli) yordamida qalin ekish, yagonalamasdan va chopiqsiz hosilni saqlab qolish mumkin. Mahalliy navlarda esa chopiq va purkash xarajatlari tannarxni oshiradi. Shuning uchun Bt/Gt genli mahalliy navlar yaratish — strategik yo‘nalish. Hozirda 56 ta o‘zbek navi shu genlar bilan boyitilgan, 2027-yilgacha 100 ming gektar maydonda o‘zimizniki ekiladi.Natijada bunday texnologiyalar gektariga 15 million so‘mgacha qo‘shimcha daromad keltirmoqda.
Paxtachilikdagi tub burilish — “Shinjon usuli” asosida qalin ko‘chat, Bt/Gt texnologiyasi va samarali boshqaruv tufayli yuz bermoqda. Shu yondashuv — yuqori hosildorlikning asosiy kaliti.



