description

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmon Buxoro viloyatida bo‘ldi

Sohada olib borilayotgan islohotlar ko‘lamini o‘rganish maqsadida qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmon Buxoro viloyatida bo‘ldi. Tashrifning ilk manzili Olot tumanidagi "Shukurullo O‘rinov" fermer xo‘jaligiga qarashli paxta dalalari bo‘ldi.  Umumiy 45 gektar maydonni o‘z ichiga olgan ushbu hududda bug‘doydan keyingi takroriy ekin sifatida paxtaning xorijiy "Yinong 6" navi qo‘shqator qilib, 76 sxemada ekilgan. Yetishtirish davomida chigitlar plyonka ostiga olingan holda, tomchilatib sug‘orish mexanizmi yordamida parvarishlangan.  Hozirda hosil yig‘im-terimini boshlash uchun amaliy harakatlar olib borilmoqda. Rejaga ko‘ra, terim maxsus texnik mashinalar yordamida amalga oshiriladi. Mas’ullarga ko‘ra, umumiy maydonda yetishtirilgan paxta hosilidan kutilayotgan natijadorlik gektariga 35-40 sentnerga baholanmoqda.

Fermer xo‘jaligiga qarashli boshqa paxta dalalarida esa, hosildorlik 50 sentnerdan yuqori ko‘rilmoqda. Chunki, mazkur hududlarda yerga qadalgan ko‘chatlar soni ko‘proqni tashkil etadi. Yetishtirishda xorijiy metodlarni qo‘llash, to‘g‘ri yondashuv bilan oziqlantirish qanday natijalar ko‘rsatishini ushbu dalalar misolida ko‘rish mumkin.

Qayd etish lozim, yetishtirilayotgan paxta xomashyosini parvarishlash vaqtida defoliatsiya ishlari maxsus dronlar yordamida amalga oshirilgan. Shuningdek, o‘g‘itlardan samarali foydalanishda esa, tajribaga tayanib ish ko‘rilganligiga guvoh bo‘lish mumkin. Vazir ushbu holatni ijobiy baholab, hosildorlik yuqori darajada ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Shu bilan birga, mutasaddilarga ayni shu dalada olib borilgan agrotexnik tadbirlarni boshqa paxta maydonlarida ham qo‘llash, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish amaliyotini yo‘lga qo‘yish borasida o‘zining ko‘rsatmalarini berib o‘tdi.

Menyu