Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmon Navoiy viloyatida bo‘ldi
Xabaringiz bor, shu kunlarda respublikamizning barcha hududlarida paxta yig‘im-terim ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Yil davomida yetishtirilgan mo‘l hosilni yomg‘irli kunlarga qoldirmasdan yig‘ishtirib olish barchaga birdek mas’uliyat yuklaydi. Binobarin, qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning hududlarda bo‘lib, paxta dala maydonlari va u yerda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishayotgani ham bejiz emas.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov Qiziltepa tumani, "Kosagaron Orzusi" fermer xo‘jaligi paxta dalasida bo‘ldi. Bu yerda "Buxoro-10" mahalliy navi ekilgan bo‘lib, agrotexnik tadbirlarning bee’tiborlik bilan amalga oshirilishi hosilning to‘liq ochilmasligiga sabab bo‘lgan. Dalada hali ochilmagan ko‘saklar ham mavjud bo‘lib, yaqin kunlarda ochilishi noma’lum. Shu sababli qo‘l terimi orqali paxtalarni terim olish ishlari olib borilmoqda. Kutilayotgan hosil 35 sentner. Vazir mazkur paxta dala maydoni bilan yaqindan tanishar ekan, o‘z vaqtida olib borilmagan agrotexnik tadbirlar va paxtaning defoliatsiya jarayonlaridagi e’tiborsizlikni tanqid ostiga oldi. O‘z navbatida, bunday ishlash umumiy tizim faoliyatini muammolar ostida qoldirishi mumkinligi va soha rivojiga nisbatan to‘sqinlik qilishini aytib o‘tdi. Albatta, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, defoliantlardan aynan ushbu nav va ob havo sharoitiga mosini tanlab sepish ham mos hosilning o‘z vaqtida pishishi, sifati va xirmonda tosh bosishida ham ta’sir o‘tkazadi.
Viloyatga tashrif doirasida vazir Karmana tumanidagi "Mustaqillik" fermer xo‘jaligiga qarashli 15 gektarlik paxta dalasida ham bo‘ldi. Ushbu hududda paxtaning "S -01" istiqbolli navi ekilgan bo‘lib, mas’ullarga ko‘ra kutilayotgan hosildorlik gektariga 35 sentnerga baholanmoqda. Navni yetishtirish, uni parvarishlash va sifatli agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish borasida holatni qoniqarli deyish mumkin. Biroq, ekin vaqtida chigitni qo‘shqator qilib, 76 sxemada ekib, ko‘chatlar soni oshirilganda holat hozirgidan-da yaxshiroq bo‘lishi mumkin edi. Ayni vaqtda, mazkur dalada paxta yig‘im-terimi jarayonlarini boshlash uchun harakatlar olib borilmoqda. Vazir tashrif davomida ayni tumandagi boshqa bir paxta dalasini ham ko‘zdan kechirdi. Ko‘rish mumkinki, mazkur hududdagi eski terim traktoridan oqilona foydalangan holda, unga qo‘shimcha yangi texnik imkoniyatlar va yangi turdagi paxta teruvchi agregatlar o‘rnatilganligi natijasida ortiqcha sarf-xarajatning oldi olingan. Aytish mumkin, yangilangan terim mashinasi paxtani sifatli, nest-nobud qilmasdan terib olish imkoniyatiga ega. Hozirda u, zamonaviy, yangi turdagi mashinalaridan qolishmagan holda, paxta dalasidagi xomashyoni yig‘ib olishda ko‘makchiga aylangan. Mutasaddilarning aytishicha, uni ta’mirlash, yangi agregatlarni o‘rnatish uchun 200 mln so‘m sarflangan.
Ma’lumki, bu kabi yangi terim mashinalarining ayni vaqtdagi narxi bozor qiymatida 2 200 000 000 so‘mga baholangan. Bundan ko‘rinib turibdiki, eski mashinani ta’mirlash, unga qo‘shimcha funksiyalar qo‘shish va terimga moslashgan yanga agregatlarni o‘rnatish orqali 2 mlrd so‘mlik qo‘shimcha xarajatning oldi olingan.
Vazir ushbu sa'y-harakatlarni ijobiy baholab, bu kabi yondashuvlarning ko‘lamini oshirish, agrotexnik tadbirlarni tajribaga asoslangan tarzda olib borish, keyingi mavsumda paxta navini ekishdan tortib, uni yig‘ib olgunga qadar bo‘lgan barcha amaliyotlarni standartlarga xos tarzda tashkil etish borasida o‘zining ko‘rsatmalarini bildirdi.