description

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov raisligida vazirlik mas’ullari hamda tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi

Davlatimiz tomonidan ilgari surilayotgan strategik islohotlar qishloq xo‘jaligida muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Xususan, joriy yilda yurtimiz dalalarida ilk bor xorijiy g‘o‘za navlarining ekilishi, shuningdek, chigitni 76 sxema asosida, qo'shqator qilib, plyonka ostiga, tomchilatib sug'orish texnologiyasi asosida ekish amaliyotining qo'llanilishi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Nafaqat xorijiy navlar, balki mahalliy navlarda ham ushbu agrotexnologiyani qo'llash orqali yuqori natijalarga erishiladi. Albatta, samarali ishlarni davom ettirish muhim vazifa hisoblanadi. Keyingi yil hosili uchun xorijiy g‘o‘za navlarini ekishda ham hozirdanoq amaliy ishlarga kirishish lozim.

Bugun qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov raisligida vazirlik mas’ullari hamda tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham ayni shu masalalarga urg‘u berildi. Yig‘ilishda kelgusi yil xorijiy g‘o‘za navlarini ekishda e’tiborga molik jihatlar atroflicha muhokama qilindi. Vazir urug‘liklarni belgilangan tartibda saqlanishi va qayta ishlanishi natijasida fermer xo‘jaliklarini yuqori sifatli urug‘lik chigit bilan ta’minlanishi, pirovard natijada esa paxtadan yuqori hosil olinishiga zamin yaratilishini, buning uchun hozirdanoq ishga kirishish kerakligini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, urug‘larni tayyorlashda qayta ishlash, saralash, tozalash, laboratoriya tahlillari, ekish uchun tayyor chigitlarni qadoqlash va saqlash uchun omborlarga yetkazib berishgacha bo‘lgan jarayonlarni nazorat qilish borasida ham mas’ullarga kerakli topshiriqlar berib o‘tildi.

Yig‘ilish yakunida xorijiy g‘o‘za urug‘larini keyingi yil mamlakatimiz maydonlariga ekishga tayyorlash borasida yuqorida muhokama qilingan masalalar yuzasidan dastur tuzgan holda kerakli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish borasida mas’ullarga bir qator topshiriqlar berib o‘tildi. Bunda asosiysi,  hamma birdek, o‘zaro kollaboratsiyaga asoslanib ish tutishi muhim ekanligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, xorijiy g‘o‘za navlarini nafaqat yerga qadash, balki uni unib, o‘sguniga qadar nazorat qilish muhimligi, eng asosiysi, ishda unum bo‘lishi uchun qog‘ozbozlikni yig‘ishtirib, amaliy ishlarga o‘tish zarurligi aytib o‘tildi. Albatta, urug‘lar belgilangan standart talablariga asosan tayyorlansa, fermer xo‘jaliklari sifatli urug‘lik bilan ta’minlanib, chigitlarni bir tekis undirib olinishiga hamda paxtadan mo‘l hosil olinishiga zamin yaratiladi.


Menyu