description

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida klaster rahbarlari, fermerlar va qishloq xo‘jaligi mutasaddilari bilan uchrashdi

Yurtimizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, agrotexnologik yondashuvlarni keng joriy etish va hosildorlikni oshirishga qaratilgan tizimli islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Bu jarayon qishloq xo‘jaligi sohasining samaradorligini oshirish, yer va suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish, fermerlar va klasterlarning iqtisodiy manfaatdorligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu maqsadlarni amaliyotga joriy etish jarayonini o‘rganish va zarur ko‘rsatmalar berish maqsadida Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurgan qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Mirzaobod tuman hokimligi binosida klaster rahbarlari, fermerlar va qishloq xo‘jaligi mutasaddilari bilan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda klaster rahbarlari, fermerlar, viloyat qishloq xo’jaligi mutasaddilari, tumanlar bo’lim boshliqlari, tizim tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Uchrashuv davomida asosiy e’tibor hududda hosildorlikni oshirish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga, ekinlarni samarali yetishtirishga va agrotexnik tadbirlarning ahamiyatini oshirishga qaratildi.

Yig‘ilishda paxta va g‘allachilikka oid qator dolzarb masalalar muhokama qilinib, ekinlarni yetishtirishda yarovizatsiya usulining o‘rni, hosildorlikni oshirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyasidan samarali foydalanish va ekinlarni plyonka ostida qo‘shqator, 76 sxema asosida ekishning iqtisodiy va ekologik afzalliklari haqida so‘z yuritildi. Yangi loyihalarni amaliyotga tatbiq etish orqali hosildorlikni ikki-uch barobarga oshirish imkoniyati qayd etilib, paxtachilikda 2025-yilda rejalashtirilgan chora-tadbirlar ham batafsil muhokama qilindi. Xususan, yerga qadaladigan ko‘chatlar sonini 240 mingtaga yetkazish, suvni tejash va tomchilatib sug‘orish texnologiyasini keng qo‘llash rejalari belgilandi. Shuningdek, ko‘sak qurtiga qarshi kurashish masalasida zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash va zararkunandalarning ehtimoliy xavfini oldini olish bo‘yicha muhim topshiriqlar berildi. Vazir ushbu yo‘nalishda malakali mutaxassislarni keng jalb etish va tajribali kadrlar bilan tizimni mustahkamlash zarurligini qayd etdi. Paxta va g‘allachilikda ilg‘or texnologiyalardan foydalanish orqali fermerlarning daromadlarini oshirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini ko‘paytirish kabi masalalar ham asosiy diqqat markazida bo‘ldi. Aytish mumkinki, berilgan topshiriq va tavsiyalar faqat bir hudud doirasida emas, balki mamlakat miqyosida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab beradi.


Menyu