description

Qishloq xo’jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Sirdaryo viloyatidagi "Chjun Tai-2" paxta navi ekilgan maydonni ko’zdan kechirdi

Bugungi kunda qishloq xo’jaligi sohasida ko’plab yangi agro loyihalar, ekinlarni yetishtirish, hosillarni sifatli yig’ib olish, kuzgi mavsumga oid agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish borasida keng ko’lamli amaliy sa’y-harakatlar olib borilmoqda.  Ayni shu jarayonlarni yaqindan o’rganish maqsadida qishloq xo’jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ayni vaqtda Sirdaryo viloyatida bo’lib turibdi. Tashrifga oid dastlabki manzil, “Sirdaryo Jingu” Xitoy qo’shma korxonasiga qarashli 4335 gektarlik paxta dalasi bo’ldi.

Umumiy maydonning 1500 gektar yeriga paxtaning xorijiy "Chjun Tai-2" navi ekilgan. Ta’kidlash o’rinli, sug’orish ishlari kech amalga oshirilganligi bois, faqat 600 gektar maydongina hosilga kirgan. Qolgan gektarlardagi g’o’za navlari esa, yuqoridagi sabab oqibatida hali yetilmagan. Sug’orish ishlarining kechiktirilishiga sug’orish texnikasi uchun zaruriy bo’lgan elektrni ta’minlovchi simlarning kech tortilgani sabab sifatida ko’rsatilmoqda. Bunda ham, mas’ullarning dala ishlariga nisbatdan sovuqqonlarcha munosabatda bo’lganligini ko’rish mumkin. Qayd etish lozim, hozirgi vaqtda ko’plab hududlardagi paxta hosili hali terib olinmagan. Bilamizki, kuz fazlida yog’ingarchilik ko’p bo’lib, bunday holatlarning kuzatilishi ekin hosili, uning sifatiga jiddiy salbiy ta’sir o’tkazadi. Shu bilan birga, terim jarayonlariga ham bir muncha qiyinchilikni yuzaga keltiradi.

Vazir shuningdek, Sardoba tumanidagi “Indorama” klasteriga qarashli 50 gektarli paxta dalasini ham ko’zdan kechirdi. Ushbu hududda paxtaning Xitoy navi ekilgan bo’lib, hosil yetilgan bo’lsa-da, terim jarayonlari hali amalga oshirilmagan. Mas’ullarga ko’ra, ekin ishlari kech amalga oshirilganligi sababli, hosilni yig’ish ishlari biroz keyinga surilgan. Umumiy holatlarni inobatga olgan holda, vazir mutasaddilarga terim jarayonlariga maxsus terim mashinalarining ishtirokini ta’minlash, ikkala paxta dalasida ham hosilni nest-nobud qilmagan holda, kechiktirmasdan yig’ib olish, yog’ingarchilik yuz bermasdanoq umumiy ishlarni yakunlash borasida o’zining ko’rsatmalarini berib o’tdi.

Menyu