description

Qishloq xoʻjaligi vaziri  Qoraqalpogʻiston ishloq xoʻjaligi rivojida innovatsion yondashuv va istiqbolli rejalarni ko’rib chiqdi

    Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi rivojida yangi texnologiyalarni joriy etish, resurslardan samarali foydalanish va hududda hosildorlikni oshirish masalalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Qoraqalpogʻiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri Daryabay Kaypov rahbarligida kengaytirilgan yig’ilish o’tkazildi.  Yig’ilish Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agro texnologiyalar institutida tashil etilib, unda Respublika fermer va dehqon xoʻjaligi rahbarlari, qishloq xoʻjaligi boʻlinmasi boshliqlari, ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari hamda sohaga aloqador masʼullar ishtirok etishdi. Uchrashuvda joriy yilda amalga oshirilgan islohotlarning natijadorligi hamda 2025-yil uchun belgilangan rejalar atroflicha muhokama qilindi. Yig’ilishda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ekinlar hosildorligini oshirish va agrotexnik tadbirlarning ahamiyatini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, hududda kartoshka, piyoz, qovun, goʻsht, un, oʻsimlik yogʻi, parranda goʻshti, tuxum, sut kabi 10 turdagi mahsulotni har bir tuman oʻz sharoitiga mos ravishda drayver mahsulot sifatida ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama qilindi. Vazir tomonidan ushbu masalalar boʻyicha muhim tavsiyalar berildi. Mazkur hududidagi yerlarning asosiy qismi shoʻrlanganligi sababli, shoʻrga chidamli ekinlarni yetishtirish va foydalanilmay kelgan yerlar hisobidan sunʼiy hovuzlar tashkil etib baliqchilikni rivojlantirish takliflari ilgari surildi. Ayniqsa, oq kunjutni hududning drayver mahsulotiga aylantirish muhim yoʻnalish sifatida belgilanib, uning shoʻrga chidamli, agrotexnologik xarajatlari kam boʻlganligi sababli, shoʻrlangan yerlarda yetishtirish mumkinligi qayd etildi. Shuningdek, paxta va gʻalla hosildorligini oshirish masalalari boʻyicha ham muhim tavsiyalar berildi. Vazir kelgusi mavsumda 90 sxemada paxta ekishni toʻxtatib, 76 sxemada plyonka ostiga tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish zarurligini taʼkidladi. Bu yondashuv Xitoy tajribasi asosida paxta hosildorligini oshirishda samarali natijalar berishi mumkinligiga to’xtalib o’tdi. 

    Yigʻilish yakunida vazir tomonidan mas’ullarga yer va suv resurslaridan tejamkor foydalanish, fermer va klasterlarning iqtisodiy manfaatdorligini taʼminlashga qaratilgan qator muhim topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, hududning tabiiy va iqlimiy xususiyatlarini hisobga olgan holda, qishloq xoʻjaligining rivojlanishini taʼminlash boʻyicha istiqbolli rejalar ishlab chiqildi.

Menyu