Shahrixon tumanida g‘o‘za parvarishiga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi
Andijon viloyati Shahrixon tumanida g‘o‘za parvarishini ilmiy asosda tashkil etish va agrotexnik tadbirlarning samaradorligini oshirish maqsadida navbatdagi amaliy seminar tashkil etildi. Tuman hokimi X.Dadaxonov boshchiligida o‘tkazilgan seminar Yangi yo‘l massividagi “Guljaxon” hamda Cho‘ja mirishkori massividagi “Dolimjon obod dalasi” fermer xo‘jaliklari hududida o‘tkazildi. Seminarda mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, agronomlar, fermerlar va yosh mutaxassislar ishtirok etdi.
Shahrixon tumani agromaslahatchisi Z.Zaylobidinov tomonidan g‘o‘zani to‘g‘ri oziqlantirish, begona o‘tlarga qarshi kurashish va sug‘orish tizimini tashkil etish bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi. “Hozirgi davrda o‘simlikning ildiz tizimi faol rivojlanmoqda. Shuning uchun aynan endi o‘g‘it berish va begona o‘tlarga qarshi kurashish eng muhim agrotexnik chora hisoblanadi,” – deya ta’kidladi agromaslahatchi Zaylobidinov. Shuningdek, har bir agrotexnik tadbirni mahalliy tuproq-iqlim sharoitini inobatga olgan holda, o‘z vaqtida va sifatli bajarish zarurligini alohida qayd etildi. Dala sharoitida amaliy ko‘rsatmalar berar ekan, Zaylobidinov ishtirokchilarga g‘o‘zaning hozirgi rivojlanish fazasiga mos agrotexnika tadbirlarini tanlash bo‘yicha foydali maslahatlar berdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga amaliy tavsiyalar berilib, fermer xo‘jaliklarining yondashuvi namunali deb e’tirof etildi.