description

Sho‘rlangan yerlarda tuproq sho‘rini yuvish

Sho‘rlangan yerlarda o‘simlik ildiz tizimi tarqalgan qatlamidan ortiqcha suv-tuz eritmalarini ketkazmasdan turib, qishloq xo‘jalik ekinlaridan yuqori hosil olib bo‘lmaydi, bunga tuproqdagi sho‘rni yuvish orqali erishish mumkin. Ilmiy ma’lumotlarga ko‘ra, sho‘rlanmagan yerlarga nisbatan kuchsiz sho‘rlangan yerlarda 15-20 foiz, o‘rtacha sho‘rlangan yerlarda 30-50 foiz va kuchli sho‘rlangan yerlarda 70-80 foizgacha paxta hosili kamayadi. Shuning uchun yerlarning meliorativ holatini yaxshilash muhim omil hisoblanadi.

Sho‘rlangan yerlarda shudgorlash, yalpi va joriy yer tekislash ishlari o‘z vaqtida sifatli o‘tkazilgandan so‘ng, tuproqning sho‘rlanish darajasiga qarab Respublikaning kuchsiz sho‘rlangan tuproqlarida 1 marta 1500-2000 m3/ga me’yorda, o‘rtacha sho‘rlangan tuproqlarida 2 marta jami 2500-3000 m3/ga va kuchli sho‘rlangan tuproqlarida esa 3 marta jami 4000-4500 m3/ga me’yorda suv sarflanib sho‘r yuviladi. Tuproqlar sho‘rini yuvishda dalaning boshidan pastki qismiga qarab, nishabligi bo‘yicha har bir pol o‘qariqlardan alohida suv ochib to‘ldiriladi, poldan-polga suv ochish mutlaqo mumkin emas. O‘rtacha va kuchli sho‘rlangan yerlarda har bir suv bostirilgandan so‘ng mexanik tarkibi yengil tuproqlarda 2-3 kundan, mexanik tarkibi o‘rtacha tuproqlarda 5-6 va og‘ir tuproqlarda 7-8 kundan keyin yana suv bostirish orqali yerlarning sho‘ri 2-3 marta yuviladi. Bunda xar bir dalaga navbatdagi suvni bostirishda tuproq yuzasi ma’lum miqdorda suv bilan qoplanganligiga e’tibor qaratish zarur.

Sho‘r yuvishni mexanik tarkibi og‘ir tuproqlardan boshlab, keyinchalik yengil tuproqlarda o‘tkazilishi kerak. Sho‘r yuvish pollarining (chek) maydoni tuproqning suv o‘tkazuvchanligi, yerning nishabligi, mexanik tarkibi hisobga olingan holda 0,25-0,50 gektar kattalikda, marzalar 50-60 sm balandlikda mustahqam bo‘lishi va albatta pollar orasidan o‘qariq olinishi talab etiladi.

Respublikamiz hududlarida sho‘r yuvishning eng maqbul muddati 20 noyabrdan 10 fevralgacha bo‘lgan muddat hisoblanadi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yerlarning sho‘rini yuvish sho‘rlanish darajasiga qarab 2-3 marta amalga oshiriladi va martning birinchi dekadasida yakunlash tavsiya etiladi. Sho‘r yuvishni albatta zovur va kollektorlar yaxshi ishlaydigan holatda amalga oshirish kerak. Tuproq sho‘rini yuvishda yerlarning tekisligi alohida ahamiyat kasb etadi. Faqat tekis yerlarda sho‘rni sifatli yuvish mumkin, aks holda suvda yaxshi eriydigan zararli tuzlar relefining baland joylariga ko‘tariladi va to‘planadi, oqibatda ekinlar ko‘chatining siyrak chiqishiga sabab bo‘ladi.

 

 

Menyu