Shumanayda seminar: zamonaviy agrotexnologiyalar hosildorlik garovidir
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Shumanay tumanida qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov tomonidan respublikaning yetakchi fermerlari uchun amaliy seminar o‘tkazildi. Agrotexnologiyalarni qo‘llash, yangi seleksiya yutuqlari asosida ishlab chiqilgan urug‘ navlari va ilmiy yondashuvlarni qishloq xo‘jaligida joriy etish masalalari muhokama qilingan ushbu uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Daryabay Kaypov hamda Shumanay tumani hokimi Adilbek Ametovlar ham ishtirok etishdi. Seminar fermerlar uchun aniq yo‘nalishlar belgilab, ularning hosildorlikni oshirishga oid savollariga amaliy yechimlar taqdim etilgan muhim uchrashuv bo‘ldi. Jarayon davomida vazir qishloq xo‘jaligida an’anaviy yondashuvlarning o‘rniga ilmiy va texnologik usullarga o‘tish zarurligini ta’kidladi. Xususan, 2025-yildan boshlab paxta yetishtirishda yangi 76 sxemani joriy etish borasida to‘xtalib o‘tdi. Bu sxema bir gektar yerga 240 ming ko‘chat ekish imkonini berib, hosildorlikni sezilarli darajada oshirishi mumkinligi ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, har bir yer uchastkasining o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olinib, ekish va parvarishlash jarayonlarini ilmiy asosda, standartlashgan hamda tajribaga asoslangan holda rejalashtirish lozimligi qayd etildi.
Vazir yangi seleksiya asosida yaratilgan urug‘ navlari haqida o‘z fikrlarini bildirib, ularning afzalligini batafsil tushuntirdi. Unga ko‘ra, mazkur urug‘lar nafaqat hosildorlikni oshirish, balki resurslarni tejash, sifatni yaxshilash va xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlikni ta’minlash imkoniyatini beradi. Yangi urug‘lar asosida mahsulot yetishtirish fermerlarning daromadini oshirishga xizmat qiladi.
Aytish mumkinki, seminarning asosiy maqsadi fermerlarni zamonaviy yondashuvlarga jalb qilish va ularning bu boradagi ishonchini mustahkamlashdan iborat. Qolaversa, aynan vazirning shaxsan o‘zi Qoraqalpog'iston Respublikasiga tashrif buyurib, mazkur seminarni tashkil qilgani ham bejiz emas. Bundan ko‘rinadiki, ushbu seminarning ahamiyati ham, undan kutilayotgan natijalar ham yuqori.
Jarayon davomida qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuvlarning nafaqat hozirgi ehtiyojlar, balki uzoq muddatli rivojlanish uchun ham asosiy omil ekani qayd etildi. Bu jarayon O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini oshirish, sifatini yaxshilash va xalqaro bozorda o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun muhim ahamiyatga kasb etadi. Vazir seminar so‘ngida, mas’ullarga tizim istiqboliga yo‘nalgan bir topshiriqlar ham berdi.