description

Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar izchilligi va ularning natijadorligi bilan tanishish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Surxondaryo viloyatida bo‘ldi

Ayni kunlarda butun Respublikamizning aksariyat hududlari bo‘ylab paxta yig‘im-terim ishlari jadallik bilan boshlandi. Bobodehqonlarimizning yil davomida qilgan zahmatli mehnatlari natijasi hademay paxta qabul qilish maskanlarida tog‘day bo‘y ko‘rsatadigan xirmonlar misolida ko‘zga ko‘rinadi. Shu bois, ayni vaqtda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar izchilligi va ularning natijadorligi bilan tanishish maqsadida Surxondaryo viloyatida bo‘lib turgan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov viloyatdagi bir qancha paxta tayyorlov maskanlarining mavsumga qanday tayyorgarlik ko‘rganligini ko‘zdan kechirdi.

 Dastlab, Jarqo‘rg‘on paxta tayyorlov maskanida bo‘lgan vazir boshchiligidagi bir guruh paxtachilik sohasi mutasaddilari yig‘ishtirib olingan paxta xomashyosini bu yerda qabul qilish jarayonlarining barcha bosqichlari bilan tanishishdi. Birinchi bosqichda shu kungacha yig‘ishtirib olingan paxta xomashyosining tozalik va namlik darajasini laboratoriyada tahlil qilish jarayoni ko‘zdan kechirildi. Undan keyin paxtani qabul qilishda PK-17 formalarning to‘ldirilishi, elektron tarozi va dasturiy vositalarning ishlash holati, soliq organlari va vazirlikning elektron platformasiga integratsiya qilinganligi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, vazir boshchiligidagi paxtachilik sohasi mutasaddilari viloyatdagi “Termiz-Jayhun-Klaster” MChJ paxta qabul qilish punktida bo‘ldi. Bu yerda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan yaratilgan "Agroplatforma" dasturi orqali paxtani elektron tarozi orqali qabul qilish jarayoni bilan tanishdi. Vazir mazkur jarayonda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni ko‘rsatib o‘tar ekan, ularni bartaraf etish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi. Xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi paxtachilik fermer xo‘jaliklarining paxta xomashyosini ularning xohishiga ko‘ra vaqtinchalik saqlashga olish, bu bo‘yicha fermer xo‘jaliklariga shartnoma bandlari va aniq hisob-kitoblarni qilib berish yuzasidan topshiriqlar berdi. Bundan tashqari, paxta tayyorlov punktlarida qabul qilingan paxtani nav va tip belgilariga qarab saqlash, brezentlarning holati va urug‘lik paxtani alohida jamg‘arish, unga qo‘yilgan talablarning  to‘g‘ri tashkil etilganligi, yong‘in xavfsizligi va infratuzilmaning tayyorligi kabi jarayonlar ham ko‘zdan kechirilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

            Tashrif dasturiga muvofiq vazir Ibrohim Abdurahmonov, Qumqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Normat O‘rozali” fermer xo‘jaligi joriy yil hosili uchun urug‘lik chigit ekilgan maydonini ham ko‘zdan kechirdi. Jami 88 gektar maydonga ega fermer xo‘jaligining 16 gektar maydonida paxtaning “Yuksalish” navi ekilgan bo‘lib, joriy yil hosili uchun 45 sentner hosil olish ko‘zda tutilgan. Vazir dala maydonini ko‘zdan kechirar ekan, urug‘lik maydonda agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida bajarilmagani, defoliatsiya jarayonida xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani, vegetatsiya jarayoni va agrotexnik tadbirlar ko‘r-ko‘rona bajarilgani, urug‘likni yetishtirish va uni parvarishlash jarayonida xato va kamchiliklarga qo‘yilganini tanqid ostiga oldi. Mazkur dala maydoni urug‘lik maydon sifatida belgilangan bo‘lib, ikkilamchi o‘sish davriga o‘tgani hamda shira tushgani sabab, urug‘lik emas, balki, texnik paxta sifatida tezkorlik bilan yig‘ib olish borasida mas’ullarga topshiriqlar berildi.

O‘z navbatida vazir viloyat paxtachilik kengashi va qishloq xo‘jaligi mas’ullariga ilmiy yondashuv asosida tezkorlik bilan bu kabi holat tarqalishining oldini olish, holat yuzasidan aniq takliflar tayyorlash, hosilni nest-nobud ilmasdan terib olish hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish borasida aniq ko‘rsatmalar berib o‘tdi. Maqsad – sifatli urug‘lik yetishtirish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, ilmiy asoslangan tavsiyalar asosida ish olib borish hamda bu orqali kelgusi yil hosili uchun ekiladigan sifatli urug‘lik navlarni yetishtirishdan iborat. Bu esa nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarni eksport yoki importi, balki qishloq xo‘jaligini yangi bosqichda taraqqiy ettirish sohada qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratishning muhim jihatlaridan biri ekani bilan ahamiyatlidir.

Menyu