description

Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar izchilligi va ularning natijadorligi bilan tanishish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xorazm viloyatida bo‘ldi

Qishloq xo‘jaligi vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi paxtachilik kengashi raisi Ibrohim Abdurahmonov agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar izchilligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi obyektlarining yig‘im-terim mavsumiga tayyorgarligini ko‘zdan kechirish maqsadida Xorazm viloyatida bo‘ldi. Vazir tashrifiga Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori, Paxtachilik kengashi kotibi Shuhrat Otajonov ham hamrohlik qildi. Vazirning ilk tashrif manzili viloyatning Xonqa tumani "Tomodurgadik” hududida joylashgan “Matyoqubov Akmal” fermer xo‘jaligi dala maydoni bo‘ldi. 2015-yil tashkil topgan fermer xojaligi paxtachilik va gallachilik yonalishiga ixtisoslashgan bolib, jami 104,1 gektar yer maydoniga ega. Shundan 58,8 gektarga paxta, 40,3 gektarida g‘alla, 2,0 gektarda sabzavot ekinlari yetishtirilayotgan bo‘lsa, 2,0 gektariga bog‘ barpo etilgan. Fermer xo‘jaligining umumiy paxta ekilgan maydoni esa 58,8 gektardan iborat bo‘lib, birinchi konturiga paxtaning sho‘rga chidamli mahalliy “Niyat” navi va ikkinchi konturiga “Xorazm-127” paxta navi ekib parvarishlanmoqda. Vazir xo‘jalik dala maydonlarida yetishtirilgan paxta navlarining joriy holati bilan tanishish jarayonida yonma-yon ekilgan mahalliy navlarni o‘zaro solishtirib ko‘rdi. Natijada birinchi konturdagi “Niyat” paxta navi yerning sho‘rini yuvmasdan ekilgan bo‘lishiga qaramay, ikkinchi konturdagi yerning sho‘ri yuvilib ekilgan paxtaning “Xorazm-127” naviga qaraganda hosildorligi ancha yuqori ekanligi aniqlandi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, hozirgi kunda ushbu “Niyat” paxta navi tajriba sifatida ekilgan bo‘lib, u boshqa navlarga nisbatan sho‘rga chidamli mahalliy nav bo‘lgani bois, Paxtachilik ilmiy kengashining mutaxassislari tomonidan doimiy nazoratga olingan. Shuningdek, mazkur navning o‘ziga xosligi shundaki, uning hosildorligi yuqori bo‘lib, Xorazm iqlim sharoitida yetishtirishda ijobiy natijalar kuzatilmoqda. Ayni paytda fermer xo‘jaligining dala maydonlarida paxta yig‘im-terim ishlari juda qizg‘in pallada. Xo‘jalik rahbarining aytishicha, paxtaning  “Xorazm-127” navidan gektariga 40 sentnerdan, “Niyat” paxta navidan gektariga 50 sentnerdan hosil olishni rejalashtirmoqda.

Keyingi manzil Xonqa tumani "Tomodurgadik” hududida joylashgan “Vaisyoz Qaxramon” fermer xo‘jaligi dala maydoni bo‘ldi. Bu yerda vazir Urganch shahridagi “Urganch Cluster” MChJning paxta qabul qilish maskanining faoliyati va  yig‘im – terim mavsumiga qanday tayyorgarlik ko‘rilganligi bilan yaqindan tanishdi. Ishchi guruh mazkur paxta qabul qilish maskanida mavsumga tayyorgarlik darajasi va bu yerda yaratilgan sharoitlar, paxtani qabul qilishda laboratoriya sinovlarining talab va tartiblari hamda joriy yil paxta xirmonini qabul qilish mavsumida paxta xom-ashyosining sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash bosqichlarini ko‘zdan kechirdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, vazir Qoʻshkoʻpir tumanida joylashgan “Axmad juma oʻgʻli” fermer xoʻjaligi dala maydonida boʻldi. Hududda Xitoyning shoʻrga chidamli “Xin LuZao-78” navi yetishtirilayotgan maydon ham koʻzdan kechirildi. Ikkala dala solishtirilganda Hindiston navi Xitoy naviga nisbatan shoʻrga chidamli va hosildorligi yuqori ekanini koʻrish mumkin. Xitoy navi rivojlanish jarayonida biroz oʻzgarish boʻlgan. Hosildorlik kutilgandek natija bergan. Gektaridan 40 sentnerdan hosil olinmoqda. Vazir ayni jihatlarga eʼtibor qaratar ekan, 76 sxemada tomchilatib sugʻorish asosida plyonka ostiga qoʻshqator qilib ekish orqali hosildorlikni bu yilgiga nisbatan karrasiga oshirish, shuningdek, ilmiy yondashuv asosida ilgʻor va zamonaviy qishloq xoʻjaligi agrotexnologiyalarini ishlab chiqish, ularning aprobatsiyasini toʻgʻri va oʻz muddatida oʻtkazish borasida oʻz takliflarini berib oʻtdi.

Yangibozor tumani Bog‘olon hududida joylashgan “Xorazm Faxri” fermer xo‘jaligida bo‘lgan vazir o‘z navbatida, mazkur hududni ko‘zdan kechirar ekan, dunyodagi o‘zgarishlar fonida agrar sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar bois, kechagi tajriba bugunga mos kelmayotgani, texnika va texnologiyalar rivojlanib borayotgan bir paytda qishloq xo‘jaligi ekinlarini, xususan, paxtani tomchilatib sug‘orishga to‘liq o‘tkazish, shuningdek yetishtirilayotgan mahsulotlarning qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish bugungi davr talabi ekanligini qayd etdi.

Menyu