description

Surxondaryoda g‘o‘za nihollari bo‘y cho‘zmoqda

    Qishloq xo’jaligi vaziri, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi raisi Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ishchi guruhi Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligini o‘rgandi. Ishchi tashrif doirasida tumanlar kesimida chigit ekish jarayonlari bilan yaqindan tanishgan vazir bugunning ilk manzili sifatida Angor tumanidagi “Zamin Angor klaster” dala maydoniga tashrif buyurdi. 7.5 gektar maydonni egallagan hududda qo‘shqator usulida Xitoyning Xin Lu Zao-78 navi 17-mart kuni yerga qadalgan bo‘lsa-da, allaqachon kunga bo‘y cho‘zib, bahor nafasini his etib ulgurgan. Qatorlar bo‘ylab yarqirab turgan nihollar dalaga bahoriy yashillik baxsh etib, g‘o‘zaning barq urib unib chiqishi dehqonlarning fidokorona mehnatidan darak berib turibdi

    Vazir dalani ko‘zdan kechirar ekan, hosildorlikni oshirish maqsadida sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish, agrotexnik tadbirlarni aniq jadval asosida olib borish va sifatli mineral o‘g‘itlardan unumli foydalanish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, u agroklaster mutasaddilariga g‘o‘zaning dastlabki parvarish bosqichida innovatsion usullardan foydalangan holda, o‘sish jarayonini ilmiy asosda kuzatib borish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

    Aytish kerak, Surxon vohasida boshlangan navbatdagi ekin mavsumi dalalarda qizg‘in tus olgan bo‘lsa, unib chiqqan nihollar serquyosh kunlar sari intilib, istiqbolli hosilga zamin yaratmoqda.

Menyu