description

Surxondaryoda mahalliy paxta navlari ham yaxshi rivoj topmoqda

    Ayni paytda amaliy tashrif bilan Surxondaryo viloyatida bo‘lib turgan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi ishchi guruh vakillari Termiz tumanidagi “Farxodbek Yangiariq” fermer xo‘jaligiga qarashli 52 gektarlik keng dala maydonlarida olib borilayotgan agrotexnik ishlar bilan tanishdi. Hududning 16,8 gektar qismiga paxtaning mahalliy, ingichka tolali “SP-1607” navi qo‘shqator qilib, 76x10 sxema asosida ekilgan bo‘lib, uni parvarishlash, sug‘orish va oziqlantirishga doir barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida, sifatli tarzda amalga oshirilgan. Mas’ullarning aytishicha, bu yerda gektariga kamida 200 ming ko‘chat yerga qadalgan. Ko‘rish mumkinki, ko‘chatlar ham to‘g‘ri va zamonaviy yondashuvlar bois sog‘lom rivojlanmoqda.

    Umumiy maydonning qolgan qismiga esa g‘o‘za navlari ekilgan. Ta’kidlash joizki, ekinlar baravj yetilmoqda. Bunda qulay ob-havo va tatbiq etilayotgan standartlarga xos usullarning o‘rni va ahamiyati yuqori. Mutasaddilarga ko‘ra, bu yilgi hosildorlik avvalgi mavsumga qaraganda ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda. Yetishtirilayotgan paxtadan esa joriy mavsumda gektariga 70 sentner hosil olish rejalashtirilgan. Vazir umumiy ish jarayonlarini qoniqarli deb baholab, ekinlarni sug‘orish va oziqlantirishda ilmiy asosga ko‘ra ish tutish lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, mas’ullarga hosil yig‘ib olingunga qadar navlarning sog‘lom yetilishini doimiy nazoratga olish, joriy etilayotgan agrotexnik tadbirlarda tajribali mutaxassislar ishtirokini to‘laqonli ta’minlash, zamonaviy texnikalardan to‘g‘ri va samarali foydalanish bo‘yicha muhim ko‘rsatmalar berdi.

Menyu