2025-yilda xorijiy paxta navlari asosida ko‘rgazmali dala maydonlari tashkil etiladi
Toshkent viloyatining barcha tumanlarida 2025-yilda xorijiy paxta navlarini intensiv texnologiyalar asosida yetishtirish bo‘yicha yirik tajriba boshlanmoqda. Hususan bugun O‘rtachirchiq tumani Qorasuv hududidagi "Qurbon Ali fayzi" fermer xo'jaligining 20 gektarli paxta dala maydonida ayni shu mavzuda seminar tashkil etildi. Rejaga ko‘ra, har bir tumanda 30 gektarli yagona dala paxta maydonlari tashkil etilib, 76x10 qator oralig‘i sxemasida, plyonka ostida chigit ekilishi lozim. Ushbu maydonlar “ko‘rgazmali dala maydoni” sifatida foydalanilib, ilg‘or usullar amalda sinovdan o‘tkaziladi. Bu orqali fermerlar zamonaviy tajriba va texnologiyalarni bevosita joyida ko‘rish hamda o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Tashabbusning asosiy vazifalari:
yuqori hosilli xorijiy paxta navlarini joriy etish;
resurs tejamkor va barqaror texnologiyalarni kengaytirish;
fermerlar uchun amaliy o‘quv maydonlari yaratish.
Loyihaning muhim jihatlaridan biri – innovatsion yondashuvlar asosida paxtachilikda hosildorlikni oshirish va ilmiy-amaliy ko‘makni kuchaytirishdir.