description

Toshkent viloyatidagi paxta maydonlari monitoring qilinmoqda

 

Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov topshirigʻiga asosan Toshkent viloyatidagi paxta ekilgan maydonlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi paxtachilik kengashi respublika va Toshkent viloyati ishchi guruhi aʼzolari bilan monitoring qilinmoqda. Bugungi Chinoz tumanidagi hududlar ko‘zdan kechirildi. Ilk maydon "Xalil Iqbol" fermer xoʻjaligi boʻldi. Xoʻjalikning 15 gektar maydoniga "Sulton" navi ekilgan. Mutaxassislar paxtaning o‘sish holatini ko'zdan kechirib, chilpishlash ishlari hali boshlanmagani, feromon tutqich qoʻyilmagani, biomaxsulot chiqarilmagani va kimyoviy ishlov berilmaganini taʼkidlashdi va fermer xoʻjaligi raxbariga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli tavsiyalar berishdi.

Ikkinchi manzil tumanning "Abdurazzoq fayz baraka" fermer xoʻjaligi boʻldi. Bu yerda jami 110 gektar maydonga C-8290 (elita) paxta navi ekilgan. "Maydonga kimyoviy ishlov berilib, bir marta sug‘orilgan va kultivatsiya qilingan. Sugʻorish va chilpishlash ishlarini boshlash kerak. Feromon tutqichlar ham  qo‘yilmagan", - deydi Qishloq xoʻjaligi vazirligi boʻlim boshligʻi Nodirbek Madiboyev.

Keying manzil Xitoy navi ekilgan "Nixol Azizbek agro" fermer xoʻjaligi boʻldi. Xoʻjalikda jami 17 gektar maydonga "XinLuZao-52" paxta navi ekilgan. Mutaxassislar gʻoʻza g‘ovlagani, hosil kam ekanligini taʼkidlab, fermer xoʻjaligi raxbariga tegishli tavsiyalar berdi.

Shundan soʻng, tumanning "Mirzo Humoyun agro" fermer xoʻjaligiga qarashli paxta maydoni koʻzdan kechirildi. Xoʻjalikning 12 gektar maydoniga Xitoyning "XinLuZao-78" navi ekilgan. Bu maydonda ham gʻoʻza g‘ovlab ketgani kuzatildi. Har ikki fermer xoʻjaligi raxbarlariga holat yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

Tashrifning keyingi manzillari Chinoz tumanidagi "O‘rinboy xoji" va "Tursunoy aya" fermer xoʻjaliklari bo‘ldi. "O‘rinboy xoji" fermer xo‘jaligida jami 85 gektar paxta ekilgan boʻlib, tomchilatib sug‘orish joriy qilingan. Gʻoʻza shu kunga qadar 3 marotaba sug‘orilgan va har bir ko‘chatda 12-14 ta ko‘sak bor. "Tursunoy aya" fermer xo‘jaligida jami 75 gektar maydonga C-8290 paxta navi ekilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar maydonda chilpish ishlari bajarilib, kultivatsiya qilingan va ikki marta sug'orilgan. Mutaxassislar hosil kam ekanini ta'kidlab,   fermer xo‘jaligi raxbariga Sojean preparatini sepish bo‘yicha (o‘simlikning bo‘yiga o‘sib ketishini oldini olish yoki sekinlashtirish uchun) tegishli tavsiyalar berishdi.

Menyu