O‘zbekiston va Avstraliya рaxtachilikda hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi
O‘zbekistonda Prezident huzuridagi Paxtachilik kengashi va Avstraliyaning “Cotton Australia” tashkiloti o‘rtasida hamkorlik o‘rnatildi. Bu muhim kelishuvga Prezident huzuridagi Paxtachilik kengashi a’zolaridan iborat delegatsiyaning Avstraliyaga xizmat safari davomida erishildi. Hamkorlik doirasida tomonlar paxtachilik sohasida ilg‘or tajribalar, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari va tahliliy ma’lumotlar almashishni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan. Cotton Australia tashkiloti ekologik barqarorlik, suvdan samarali foydalanish va innovatsion yondashuvlari bilan dunyoda e’tirof etilgan. O‘zbekiston esa o‘zining ko‘p asrlik paxtachilik tajribasi va so‘nggi yillarda sohadagi modernizatsiya jarayonlari bilan xalqaro hamkorlikka katta hissa qo‘shmoqda.
Delegatsiyaning Avstraliyaga tashrifi davomida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish, tadqiqotlar o‘tkazish va ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish borasida kelishuvga erishildi. Shu bilan birga, tomonlar paxtachilik sohasidagi ekologik barqarorlikni ta’minlashda samarali yondashuvlar va “yaxshi boshqaruv amaliyotlari”ni (Best Management Practices) tatbiq etishga alohida e’tibor qaratdilar.
Bu hamkorlik nafaqat ikki mamlakatning paxtachilik sohasidagi o‘zaro munosabatlarini mustahkamlaydi, balki xalqaro paxta bozorida yangi imkoniyatlarni ochishi kutilmoqda.