description

VIII Butunjahon paxta tadqiqot konferensiyasi Toshknetda oʻtkazildi
 

Poytaxtimizda sentyabrdan 29-sentyabrdan 7-oktyabrga qadar International Tashkent mehmonxonasida Xalqaro paxta tadqiqotchilari uyushmasi (ICRA), Xalqaro paxta boʻyicha maslahat qoʻmitasi (ICAC) va Xalqaro paxta genomi tashabbusi (ICGI) bilan birgalikda VIII Butunjahon paxta tadqiqot konferensiyasi oʻtkazildi. Ushbu nufuzli anjumanda 30 dan ortiq xorijiy davlatlardan 400 ga yaqin olimlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari hamda 200 nafarga yaqin mahalliy olimlar, shuningdek, 170 dan ortiq paxta-toʻqimachilik klasterlari va tarmoq korxonalari ishtirok etib, oʻz bilim va tajribalarini ulashishdi.

Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xodjayev kirish soʻzi bilan ochib berar ekan, bugungi kunda paxtachilik sohasi yurtimiz uchun juda ham muhim ekanligini, bu kabi konferensiyalar orqali esa, koʻplab muammolarga yechimlar topilishini aytib oʻtdi.

Bundan tashqari, J.Xodjayev soʻnggi yillarda yurtimizda aynan paxtachilik sohasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganligini, buning natijasida erkin raqobatni taʼminlovchi bozor tamoyillariga asoslangan sohani sanoat asosida rivojlantirish, qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish va hosildorlikni oshirish maqsadida klaster tizimi yoʻlga qoʻyilganligini va bu tizim bosqichma-bosqich takomillashtirib borilayotganligini, shuningdek, paxta yetishtirishda davlat buyurtmasi bekor qilinib, erkin bozor tamoyillariga oʻtilganini aytib oʻtdi. Yurtimizda paxta yigʻim terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi hamda sohadagi islohotlar nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilishi natijasida 2021-yilda “Cotton Campaign” koalitsiyasi tomonidan Oʻzbekiston paxtasiga boykot bekor qilindi.

Konferensiyasi" davomida qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov  mazkur konferensiyada aynan Oʻzbekiston mezbon boʻlganligini soʻnggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning amalga oshirayotgan islohotlarining natijasi deya ta’kidlab oʻtdi. Shuningdek vazir, mamlakatmiz paxta sanoati tarixi, bugungi kundagi islohotlar haqida batafsil ma’lumotlar berib oʻtdi. Xususan, ilk bor yurtimizda joriy yildan e’tiboran xorijiy gʻoʻza navlarini ekish amaliyoti yoʻlga qoʻyilganligini, erta pishar navlarni yaratilganligini, 76 lik sxema asosida, plyonka ostiga, qoʻshqator qilib, tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini qoʻllagan holda Xitoy tajribasining yoʻlga qoʻyilganligini aytib oʻtdi.

Konferensiya doirasida bir qator plenar sessiyalarda ekin ekish tizimlari, hasharotlarga qarshi kimyoviy ishlov berish ekologiyasi, robototexnika va sunʼiy intellekt mavzularida muhokamalar oʻtkazildi. Shuningdek, konferensiya ishtirokchilari paxtaning global germplazma toʻplamida tola sifatini aniqlash boʻyicha genotiplash (GBS) asosidagi xaritalash hamda qiyosiy transkriptoma va birgalikda ifodalash tahlil paxta genotiplarida azotdan foydalanish samaradorligini tartibga soluvchi asosiy genlar mavzularida taqdimotlar qilishdi. Aytish kerak, sessiyalarda koʻtarilayotgan mavzular paxtachilik sektoridagi yangicha yondashuvlar, innovatsion tenologiya va ilmiy nazariyalar ishlab chiqish hamda uni amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Butunjahon paxta tadqiqot konferensiyasi har toʻrt yilda bir marta oʻtkaziladi va bu yil u sakkizinchi bor dunyo olimlarini Oʻzbekistonda bir joyga jamladi. Konferensiyaning bu yil Oʻzbekistonda oʻtkazilishi paxta ilmi va sanoati rivojiga katta hissa qoʻshadi. Chunki Anjuman davomida juda koʻp bilimlar ulashildi unda sohada faoliyat olib boruvchi har bir inson qatnashishi va tajriba oshirishi uchun imkoniyat yaratildi.

 

Konferensiya yuzasidan tayyorlangan videolavhalar va mutaxassislarning intervyularini tomosha qilish uchun ushbu havoladan foydalaning: https://t.me/Paxtachilik_kengashi

Menyu