Xitoylik mutaxassis Samarqanddagi “Xinlu Zao-78” chigit navining o‘sish jarayonini ko‘zdan kechirdi
Samarqand viloyatining Paxtachi, Narpay va Kattaqo‘rg‘on tumanlarining xorijdan keltirilgan Xinlu Zao-78 g‘o‘za navi ekilgan maydonlarida Xitoydan kelgan Mutaxasis janob Vu Jiang Jun, Urug‘chilikni rivojlantirish markazi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i B.Sulaymonov hamda Uz PITI Samarqand ITS direktori X.Abdurahmonovlar birgalikda kuzatuv o‘tkazishdi.
Birinchi manzil Paxtachi tumani "Boboyev Nurli Yerlari" fermer xo‘jaligi bo‘ldi. Bu yerdagi 7 gektar maydonga xorijiy nav ekilgan bo‘lib, paxta qatori oralig‘i 60 sxemada ekilgan va bir metrda 12tadan 15tagacha ko‘chat mavjud. Paxtaning hozirgi o‘sish holati yaxshi. Keyingi manzillar tumanning xorijiy nav ekilgan "Nodirjon Navro‘zjon Ortiqov", Narpay tumanining "Narpay Umar Sher", Kattaqo‘rg‘on tumanining "Juma Hayitov" fermer xo‘jaliklari bo‘ldi. Hududlarda dala maydonlaridagi Xitoy urug‘lik chigitlarining o‘sish holati o‘rganildi. Shundan so‘ng, fermerlar bilan suhbatlashildi.
Suhbat davomida “Nima uchun ushbu navning rivojlanishi sekin?” deb savol berildi. Xitoylik mutaxassisning so‘zlarga ko‘ra, rivojlanish jarayonida Xitoy chigitlari tashqi ko‘rinishidan biroz nimjon va o‘sishi sust ko‘rinadi, shuningdek, uning barglarining hajmi ham mahalliy chigit navlariga nisbatan maydaroq. Bu bosqichda chigitning tomiri yer ostiga o‘sib, ildizini yerga mustahkam qadab olishga urinayotgan bo‘ladi. Bir, bir yarim oydan so‘ng esa chigitllar quvvatga to‘lib, jadallik bilan rivojlanishni boshlaydi va mahalliy navlarga bo‘ylashib oladi.
Uchrashuv davomida mutaxassislar bilan fermer xo‘jaligi vakillari o‘rtasida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Xinlu Zao-78 navini yetishtirish agrotexnikasi bo‘yicha fermer xo‘jaliklari rahbarlariga yana zarur bo‘lgan boshqa ko‘rsatma va tavsiyalar ham berildi.