description

Yerlarni tekislash va pushta olish tadbirlari

    Bahorda ekish yumushlarining hamma turdagi ekinlar uchun bir davrda kelishi, pushta olish uchun ishlarning tigʼizligi, ayrim xoʼjaliklarda texnika va mexanizmlarning yetishmasligi natijasida egat olish, sugʼorish tadbirlari kechikadi. Bu esa, chigit ekish muddatini kechikishiga sabab boʼladi. 

    Pushtalar kuzda (mexanik tarkibi oʼrta va ogʼir tuproqlarda) olib qoʼyiladi. Pushta olingan yerlarda tuproqning donadorligi uzoq vaqt maqbul holatda saqlanib turishini taʼminlaydi. Bunday texnologiyada tuproqning ustki qismidagi harorat chigit tekis yerga ekilganiga nisbatan 1,0-3,0 0S yuqori boʼladi. Chigitlar barvaqt unib chiqadi, paxta hosili oshadi. Pushta olish uchun shoʼrlanmagan, kuchsiz va oʼrtacha shoʼrlangan, lekin shoʼri yaxshi yuvilgan tekis maydonlar tanlanadi. Kuzgi shudgor 30-40 sm chuqurlikda oʼtkaziladi, pushtalarning toʼgʼri chiqishi uchun yer sathi mexanizmlar bilan sifatli tekislanadi. Soʼngra chigit ekish yoʼnalishiga qarab GX-4 tipidagi pushta olgichlar yordamida qator oraligʼi 60 sm yoki 90 sm, balandligi esa 25-30 sm boʼlgan pushtalar olinadi. Shuning uchun tuprogʼi shoʼrlanmagan, yogʼingarchilik kam boʼladigan Qashqadaryo viloyatining Nishon, Koson, Mirishkor, Qarshi, Muborak va Kasbi tumanlarida, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining barcha tumanlarida, Samarqand, Аndijon, Namangan hamda Fargʼona viloyatlarining yerlarida chigit pushtaga ekilishini inobatga olib, kuzda pushta olib qoʼyiladi.

Menyu