Yuklab olish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

qarori

 

Paxta hosildorligini oshirish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarni joriy qilishning qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida

Paxta hosildorligini oshirish bo‘yicha yangi tizimni joriy qilish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urug‘chilik, nav tanlash, erga ishlov berish, o‘g‘itlash, sug‘orish ishlarini yo‘lga qo‘yish orqali paxta-to‘qimachilik sohasida eksport hajmlari va daromadni oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Paxtachilik kengashi (keyingi o‘rinlarda — Paxtachilik kengashi) tashkil etilsin hamda uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar Paxtachilik kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:

har yili hududlarda mahalliy sharoitlarda yaxshi hosil berayotgan navlarni tahlil qilib, ularning super elita va elita urug‘larini ko‘paytirish bo‘yicha ilmiy tashkilot va urug‘chilik korxonasini belgilash;

hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos eng maqbul navlarni hududlarda ko‘paytirish va ekish bo‘yicha klasterlarga topshiriqlar (ko‘rsatmalar, buyurtmalar) berish;

tuproq unumdorligi, uning kimyoviy va biologik xususiyatlarining ilmiy tahlili asosida hududlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan kimyoviy va organik o‘g‘itlar bo‘yicha tavsiyalar berish;

g‘o‘za kasalliklari va hasharotlarga qarshi kurashish bo‘yicha samarador preparatlarni qo‘llash yuzasidan ko‘rsatmalar ishlab chiqish va tatbiq etish;

klasterlarga hududlar tuproq-iqlim sharoitlariga mos g‘o‘za navlarini ekish va urug‘larini ko‘paytirish, tuproq unumdorligini oshirish, mineral va organik o‘g‘itlardan foydalanish hamda paxtachilikda suv va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berish;

xususiy sektorni jalb qilgan holda davlat-xususiy hamda xususiy urug‘chilik klasterlarini tashkil etish va bu orqali raqobat muhitini yaratish;

paxtachilik yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish.

2. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashining Reglamenti 2-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashining boshqaruv guruhi tarkibi 3-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yiladigan 13 ta tumanlarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yiladigan 13 ta tumanlarda amalga oshiriladigan paxtachilik yo‘nalishidagi loyihalar ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-martdagi “Paxta maydonlarida tuproq unumdorligini va hosildorlikni oshirish, sug‘orishning yangi texnologiyalarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-179-son qaroriga asosan:

2022-2023-yillarda paxta maydonlarida tuproq unumdorligini oshirish va ekologik holatni yaxshilash uchun subsidiya ajratish tajribasi sinovdan o‘tkaziladigan 13 ta tumanlar ro‘yxati tasdiqlanganligi;

2022-2023-yillarda sinov tariqasida tuproq unumdorligi va paxta hosildorligini oshirish, ilmiy asoslangan almashlab ekishni va sug‘orishning yangi texnologiyalarini joriy etish uchun Davlat budjeti hisobidan har bir gektar maydonga bir million so‘mdan subsidiya ajratilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Belgilansinki, Paxtachilik kengashi o‘ziga yuklatilgan vazifalarni dastlab sinov tariqasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-martdagi “Paxta maydonlarida tuproq unumdorligini va hosildorlikni oshirish, sug‘orishning yangi texnologiyalarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-179-son qaroriga 1-ilovada nazarda tutilgan 13 ta tumanlarda amalga oshiradi.

4. Paxtachilik kengashi bir hafta muddatda paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urug‘chilik, nav tanlash, erga ishlov berish, o‘g‘itlash, sug‘orish ishlari tashkil etiladigan 13 ta tumanlarning har biri bo‘yicha ishchi guruhlari tarkiblarini tasdiqlasin.

Belgilansinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi hamda viloyat hokimlari 13 ta tumanlar ishchi guruhlari faoliyatining samarali tashkil etilishiga shaxsan javobgar hisoblanadi.

5. Paxta hosildorligini oshirishning quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartibi joriy qilinsin:

a) tuman ishchi guruhlari paxta ekilgan maydonlarda joyiga chiqqan holda tahlillar asosida urug‘chilik, nav tanlash, erga ishlov berish, biostimulyatorlarni qo‘llash, o‘g‘itlash, g‘o‘za kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish hamda samarali sug‘orish bo‘yicha hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos takliflarni Paxtachilik kengashi boshqaruv guruhiga taqdim qiladi;

b) Paxtachilik kengashi boshqaruv guruhi taqdim etilgan takliflarni tahlil qilib umumlashtirgan holda Paxtachilik kengashiga taqdim qiladi;

v) Paxtachilik kengashi:

hududda ekilgan paxta navlarining hududning tuproq-iqlim sharoitlariga mos maqbulini tanlash, shuningdek agrotexnik tadbirlarning to‘g‘ri amalga oshirilishini ta’minlash;

paxta ekilgan maydonlardagi tuproqning unumdorligini oshirish va samarali yer tayyorlashni tashkil qilish;

paxta ekilgan maydonlarda organik va mineral o‘g‘itlarning qo‘llanilishini yaxshilash;

paxta ekilgan maydonlarda g‘o‘za kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish;

paxta ekilgan maydonlarda zamonaviy biostimulyatorlarni qo‘llash;

paxta yetishtirish jarayonida samarali sug‘orish tizimini va tejamkor texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;

g) Paxtachilik kengashining unga yuklatilgan vazifalarga asosan o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari majburiy hisoblanadi;

d) Paxtachilik kengashi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha:

Paxtachilik kengashi raisi (I.Y. Abduraxmonov) kengashga yuklatilgan vazifalar ijrosi yuzasidan har oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot beradi;

Paxtachilik kengashi raisiga mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni jalb etish vakolati beriladi;

Paxtachilik kengashi va uning boshqaruv guruhi a’zolariga hamda Paxtachilik kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yiladigan 13 ta tumanlar ishchi guruhlari a’zolariga 6-ilovaga muvofiq miqdorlarda ish haqi to‘lanadi. Bunda, to‘lovlar Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan tuziladigan mehnat shartnomalari asosida amalga oshiriladi;

mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash muayyan ishni bajarish uchun tuziladigan mehnat shartnomalariga asosan mutaxassislar bilan kelishilgan miqdorlarda amalga oshiriladi.

6. Innovatsion rivojlanish vazirligiga joriy yil yakuniga qadar “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi (I. Haydarov) Uyushmaning to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sohasini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 10 milliard so‘m hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J. Xodjayev) Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta’minoti jamg‘armasi hisobidan 10 milliard so‘m ajratsin.

2023-yildan boshlab Paxtachilik kengashi faoliyati bilan bog‘liq xarajatlarni Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi orqali moliyalashtirish tartibi joriy etilsin.

Bunda, mazkur bandda nazarda tutilgan mablag‘lar Paxtachilik kengashi va uning boshqaruv guruhi a’zolari hamda 13 ta tumanlar ishchi guruhlari a’zolariga ish haqi to‘lash, Paxtachilik kengashiga mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni jalb etish, shuningdek, 13 ta tumanlarga yangi ilmiy ishlanmalar va innovatsion texnologiyalarni (shu jumladan, dronlar va raqamli texnologiyalar asosidagi) joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga yo‘naltiriladi.

7. Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:

a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi hamda viloyatlar hokimlari 13 ta tumanlar ishchi guruhlari faoliyatining samarali tashkil etilishiga ko‘maklashsin;

b) “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi (I. Haydarov) Uyushmaning to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sohasini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J. Xodjayev) Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta’minoti jamg‘armasi hisobidan mazkur qarorga asosan Innovatsion rivojlanish vazirligiga mablag‘lar o‘tkazib berilishini ta’minlasin;

v) Paxtachilik kengashi raisi I.Y. Abduraxmonov:

Paxtachilik kengashi va uning boshqaruv guruhi a’zolari hamda 13 ta tumanlar ishchi guruhlari a’zolariga ish haqi o‘z vaqtida va to‘liq miqdorda to‘lanishini ta’minlasin;

13 ta tumanlarda amalga oshirilgan ijobiy natijalar asosida mazkur tajribani respublikaning boshqa hududlarida joriy qilish choralarini ko‘rsin.

8. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining “Paxtasanoat ilmiy markazi” aksiyadorlik jamiyati (keyingi o‘rinlarda — Markaz) faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

Markazni Paxtachilik kengashining ilmiy-tadqiqot organi etib belgilash;

Paxtachilik kengashining sohaga doir ko‘rsatma va tavsiyalariga asosan Markaz faoliyatini takomillashtirib borish;

Paxtachilik kengashi raisini Markaz Kuzatuv kengashi tarkibiga kiritish.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Markaz faoliyatini tashkil etish va moliyalashtirish yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.

9. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A. Ko‘chimov) Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Abduraxmonov) bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.

10. Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib innovatsion rivojlanish vaziri I.Y. Abduraxmonov, qishloq xo‘jaligi vaziri J.A. Xodjayev belgilansin.

Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari S.O‘. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 7-iyul,

PQ-308-son

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyuldagi PQ-308-son qaroriga
1-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi

TARKIBI

1.

I.Y. Abduraxmonov

Innovatsion rivojlanish vaziri, kengash raisi

Kengashga umumiy rahbarlik

2.

A.M. Qosimov

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi shu’ba mudiri

Administrativ boshqaruv

3.

V.A. Avtonomov

Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri

Seleksioner

4.

Z.T. Buriyev

Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi direktori

Genetik-seleksioner

5.

B.I. Mamarahimov

Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi G‘o‘za urug‘chiligi markazi direktori

Urug‘chilik bo‘yicha mutaxassis-amaliyotchi

6.

S.I. Maqsudov

Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Buxoro ilmiy-tadqiqot stansiyasi Seleksiya laboratoriya mudiri

Seleksioner

7.

B.Ch. Jurayev

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar markazi Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori

Seleksioner

8.

S.M. Nabiyev

Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti laboratoriya mudiri

Genetik-fiziolog

9.

F.M. Xasanova

Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri

Gerbitsidlar bo‘yicha mutaxassis

10.

N.R. Sattarov

O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti Surxondaryo mintaqaviy filiali direktori

Entomolog

11.

Y.O. Boboyev

Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri

Urug‘chilik bo‘yicha mutaxassis

12.

Sh.S. Mansurov

Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, Tuproq unumdorligini boshqarish va baholash bo‘limi boshlig‘i

Tuproqshunos-agrokimyogar

13.

Q.J. Jumaniyazov

“Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ direktorining o‘rinbosari

Paxtani qayta ishlash sanoati bo‘yicha mutaxassis

14.

U.N. Javliyev

Vazirlar Mahkamasining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyati mudirining o‘rinbosari

Urug‘chilik bo‘yicha mutaxassis

15.

A.R. Anorboyev

O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti direktori

O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha mutaxassis

16.

B.X. Kucharov

Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti laboratoriya mudiri

Mineral o‘g‘itlar bo‘yicha mutaxassis

17.

D.X. Abduraxmonov

“Politeks Sirdaryo” MChJ Bosh direktori

Urug‘chilik bo‘yicha mutaxassis-amaliyotchi

18.

G.Dj. Qutliyeva

Mikrobiologiya instituti laboratoriya mudiri

Biologik o‘g‘itlar bo‘yicha mutaxassis

19.

Sh.E. Namozov

Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri

Seleksioner

20.

Keshav R. Kranti

(Keshav R. Kranthi)

Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi rahbari (The International Cotton Advisory Committee — ICAC)

Xalqaro ekspert (AQSh)

21.

Venkatesh Kulkarni

(Venkatesh Kulkarni)

“Nath Biogenes” kompaniyasi vitse-prezidenti va maslahatchisi

Xalqaro ekspert (Hindiston)

22.

Indranil Majumdar

“Indorama Agro” MChJ qo‘shma korxonasi bosh amaliyotchisi

Amaliyotchi (Hindiston)

23.

I.Sh. Xamroyev

“Merganteks” MChJ bosh direktori

Agrotexnologiyalar va hosildorlik bo‘yicha amaliyotchi

24.

A.A. Sultonov

“Buxoro Agro Klaster” MChJ rahbari

Agrotexnologiyalar va hosildorlik bo‘yicha amaliyotchi

25.

Sh.I. Otajonov

Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshlig‘i, kengash kotibi

Kengashda ish yuritishni ta’minlash

Izoh. Kengash a’zoligiga qo‘shimcha ravishda xorijiy ekspertlar jalb qilinishi mumkin.

 

 

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyuldagi PQ-308-son qaroriga
2-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi

REGLAMENTI

I. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Reglament O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Paxtachilik kengashining (keyingi o‘rinlarda — Kengash) faoliyatini tashkil etish hamda yuritish tartibini belgilaydi.

2. Kengash o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari, boshqa qonunchilik hujjatlari va mazkur Reglamentga amal qiladi.

3. Kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

har yili hududlarda mahalliy sharoitlarda yaxshi hosil berayotgan navlarni tahlil qilib, ularning super elita va elita urug‘larini ko‘paytirish bo‘yicha ilmiy tashkilot va urug‘chilik korxonasini belgilash;

hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos eng maqbul navlarni hududlarda ko‘paytirish va ekish bo‘yicha klasterlarga topshiriqlar (ko‘rsatmalar, buyurtmalar) berish;

tuproq unumdorligi, uning kimyoviy va biologik xususiyatlarining ilmiy tahlili asosida hududlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan kimyoviy va organik o‘g‘itlar ro‘yxatini tasdiqlash;

g‘o‘za kasalliklari va hasharotlarga qarshi kurashish bo‘yicha samarador preparatlarni qo‘llash yuzasidan ko‘rsatmalar ishlab chiqish va tatbiq etish;

klasterlarga hududlar tuproq-iqlim sharoitlariga mos g‘o‘za navlarini ekish va urug‘larini ko‘paytirish, tuproq unumdorligini oshirish, mineral va organik o‘g‘itlardan foydalanish hamda paxtachilikda suv va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berish;

xususiy sektorni jalb qilgan holda davlat-xususiy hamda xususiy urug‘chilik klasterlarini tashkil etish va bu orqali raqobat muhitini yaratish.

4. Kengash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahat-ko‘maklashuvchi hamda ko‘rsatma beruvchi organdir. Kengash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan davlat boshqaruv organlari xodimlari, qishloq xo‘jaligi sohasidagi olimlar va mutaxassislar, shuningdek, paxta-to‘qimachilik klasterlari rahbar shaxslari orasidan shakllantiriladi.

Kengash raisi va boshqa a’zolar uning ishida haq evaziga ishtirok etadi, mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislar kengash faoliyatiga jalb etiladi.

5. Kengashning paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urug‘chilik, nav tanlash, erga ishlov berish, o‘g‘itlash, sug‘orish ishlarini yo‘lga qo‘yishga oid ko‘rsatmalari qishloq xo‘jaligi tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.

6. Kengash o‘z vakolatlarini amalga oshirish vaqtida davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari bilan belgilangan tartibda o‘zaro hamkorlik qiladi.

II. Kengash ishini tashkil etish

7. Kengash ishini tashkil etish Vazirlar Mahkamasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda boshqa davlat boshqaruv organlari rahbar va ishchi xodimlaridan iborat Kengashning boshqaruv guruhi (keyingi o‘rinlarda — Kengashning boshqaruv guruhi) tomonidan amalga oshiriladi.

8. Kengash zaruratga qarab, lekin bir oyda kamida bir marotaba o‘tkaziladigan yig‘ilishlari Kengash ishining tashkiliy shaklidir.

9. Kengash yig‘ilishlari Kengash raisi yoki uning topshirig‘iga ko‘ra boshqa a’zolar tomonidan o‘tkaziladi.

10. Kengash yig‘ilishlari a’zolar umumiy sonining uchdan ikki qismi ishtirok etayotgan bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi. Kengash a’zolarining ovozi teng kelib qolgan hollarda Kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

11. Kengash yig‘ilishlarini o‘tkazish joyi Kengashning boshqaruv guruhi tomonidan belgilanadi.

Zaruratga qarab, Kengash yig‘ilishlari videokonferens-aloqa orqali o‘tkazilishi mumkin.

12. Kengash yig‘ilishining kun tartibi loyihasi Kengashning boshqaruv guruhi tomonidan shakllantiriladi va Kengash a’zolarini xabardor qilinadi.

Kengash o‘z yig‘ilishiga boshqa shaxslarni taklif etishga haqli.

13. Kengash faoliyatini samarali tashkil etishni ta’minlash va tahliliy tadqiqotlar olib borish maqsadida tegishli sohalarda katta nazariy va amaliy tajribaga ega mutaxassislar orasidan hududiy ishchi guruhlari tashkil etiladi.

III. Masalalarni Kengashga kiritish, shuningdek, ularni tayyorlash va ko‘rib chiqish tartibi

14. Kengash o‘ziga yuklatilgan vazifalar bo‘yicha qarorlar chiqarishga haqli.

Kengashning vakolat doirasida chiqargan qarorlari davlat organlari va tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.

15. Kengashga ko‘rib chiqish uchun masalalar, Kengashning boshqaruv guruhi, Kengash a’zolari, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan kiritilishi mumkin.

16. Kengash qarori bilan shakllantiriladigan tumanlardagi ishchi guruhlar (keyingi o‘rinlarda — hududiy ishchi guruhlar) tomonidan quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar tashkil etiladi:

hududda ekilgan paxta navlarini hududning tuproq-iqlim sharoitlariga mos maqbul tarzda tanlash, shuningdek agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri amalga oshirilishini ta’minlash;

paxta ekilgan maydonlardagi tuproqning unumdorligini oshirish va samarali yer tayyorlashni tashkil qilish;

paxta ekilgan maydonlarda organik va mineral o‘g‘itlarning qo‘llanilishini yaxshilash;

paxta ekilgan maydonlarda g‘o‘za kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish;

paxta ekilgan maydonlarda zamonaviy biostimulyatorlarni qo‘llash;

paxta yetishtirish jarayonida samarali suv tejamkor texnologiyalarni joriy qilish.

17. Hududiy ishchi guruhlar mazkur Reglamentning 16-bandida nazarda tutilgan yo‘nalishlar bo‘yicha tahlillar asosida ko‘rsatma loyihasini tayyorlab, Kengashning boshqaruv guruhiga kiritadi.

18. Kengashning boshqaruv guruhi besh kun muddatda Kengashning keyingi yig‘ilishida qaror qabul qilish bo‘yicha ko‘rsatma loyihasini tayyorlaydi.

IV. Yakunlovchi qoidalar

19. Kengash faoliyatini axborot-tahliliy jihatdan va boshqacha tarzda ta’minlash Kengashning boshqaruv guruhi tomonidan amalga oshiriladi.

20. Ushbu Reglamentga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlariga hamda Kengashning qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

Menyu