description

Qishloq xo‘jaligi vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi raisi Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi ishchi guruhi a’zolari Qashqadaryo viloyatida bo‘lishdi

 

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar izchilligini ta’minlash, ekin maydonlarida olib borilayotgan agrotexnik tadbirlar jarayoni bilan tanishish maqsadida Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi. Vazirning Qashqadaryo viloyatiga amalga oshirgan tashrifiga vazirlik huzuridagi Milliy markaz direktori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi kotibi Shuhrat Otajonov ham hamrohlik qildi.

Tashrifning ilk manzili Qamashi tumanida joylashgan “Bobonazar bobo o‘g‘li Abdug‘ani” fermer xo‘jaligi boldi. Mazkur fermer xo‘jaligiga qarashli paxta maydonining 13 gektariga xorijiy g‘o‘za navi ekilgan bo‘lsa, 10 gektar maydonga esa g‘allaning "Vexa" (Rossiya) navi ekilgan. Vazir xorijiy g‘o‘za navi ekilgan maydonni ko‘zdan kechirar ekan, 76 sxemada, qo‘shqator qilib ekish maqsadga muvofiqligini, bunda eng asosiysi ilmiy yondashuv muhim ekani ta’kidladi. Shuningdek, vegetatsiya jarayoni bilan yaqindan tanishar ekan, ilmiy yondashuv asosida ilg‘or va zamonaviy qishloq xo‘jaligi agrotexnologiyalarini ishlab chiqish, vegetatsiya davrida alohida nazorat olib borish ularning aprobatsiyasini to‘g‘ri va o‘z muddatida o‘tkazish borasida o‘z takliflarini berib o‘tdi.

Vazir tashrif dasturining navbatdagi manziliQarshi tumanidagiSharopov Yusuffermer xojaligi maydoni boldi. Bu yerga ekilgan “Porloq-4” elita g‘o‘za navining joriy holati ko‘zdan kechirildi. Xo‘jalikning 10 gektar yer maydoniga ekilgan ushbu g‘o‘za navining parvarishi uchun tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu dalada g‘o‘zalarning shonalashiga ijobiy baho bergan Ibrohim Abdurahmonov qator oralarida begona o‘tlar, hasharotlar mavjud emasligi va g‘o‘za nihollarining kasalliklarga chalinmaganiga alohida e’tibor qaratdi.  

Shundan so‘ng vazir boshchiligida bir guruh mutasaddi va mutaxassislar yonma-yon hududda joylashgan “Shodi o‘g‘li Salim” fermer xo‘jaligi dalasi bilan ham tanishdi. Bu yerda ham 16 gektar yerga g‘o‘zaning mahalliy “Buxoro-8” navi ekilgan bo‘lib, paxtani tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Biroq g‘o‘zalarning vegetatsiya davri biroz orqada qolganligi sababli mutaxassislar bilan birgalikda stimulyatorlar bilan ishlov berish masalasi ko‘rib chiqildi. Shunda g‘o‘zalarning yetilishi ancha muddatga tezlashadi. Bu esa hosildorlikka albatta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Vazir Ibrohim Abdurahmonov bu bo‘yicha g‘o‘zaga tezda biostimulyatorlar bilan ishlov berish va Entojen sepish orqali paxtani ishlatishga o‘tkazish lozimligi to‘g‘risida fikr almashar ekan, mutasaddilarga chekankani ham erta muddatlarda yakunlab, paxtani yog‘in sochinga qoldirmasdan terib olish yuzasidan chora-tadbirlarini belgilab berdi.

Keyingi manzil Koson tumanida joylashgan “Koson” fermer xo‘jaligi dalasi bo‘ldi. Yangicha yonashuv va yangi texnologiya asosida 90 sxemada tomchilatib sug‘orish texnologiyalari asosida, plyonka ostiga g‘o‘zaning Xitoyning Xin Lu Zao-78 navi ekilgan daladagi unib chiqqan g‘o‘zalarda ayni paytda birinchi hamda ikkinchi ko‘saklar paydo bo‘lgan. Fermerning aytishicha, tajriba tariqasida bir tomonga 90 sxemada chigit qadalgan. Bu esa, 76 sxemaga nisbatan biroz samarasiz. Shuningdek, hududning 10 gektar qismida “Buxoro-10” navi qo‘shqator qilib ekilgan bo‘lib, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirilmagani bois qator oralarida begona o‘tlar bosgan.

Shuningdek, vazir Ibrohim Abdurahmonov tashrif dasturiga muvofiq, vazirlik mas’ullari, viloyatning qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshliqlari, tizim tashkilotlari rahbarlari, sohaga aloqador shaxslar ishtirokida tanqidiy ruhdagi yig‘ilish o‘tkazildi. Viloyatning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish, investitsiyalarni o‘zlashtirish, eksport, yer o‘zlashtirish, aholi va yoshlarga yer ajratish, g‘alla parvarishi, chigit ekish, yangi bog‘-tokzorlarni barpo etish va boshqa masalalar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusida amalga oshirish rejalashtirilgan vazifalar va erishiladigan ko‘rsatkichlar taqdimot qilindi. Vazir Ibrohim Abdurahmonov eng avvalo bu kabi raqamlar hisobotni vijdonan yondashilgan holdagi aks ettirilgan bo‘lishi lozimligi qayd etdi. Shuningdek, joriy yilda qishloq xo‘jaligi ekinlaridan olinadigan hosil, aholi bandligini oshirish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, paxtachilik sohasida agrosanoat klasteri va kooperativlari faoliyatini rivojlantirish, joriy yil davomida agrar sohada amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar, maqsadli investitsion loyihalarni jalb etish va kadrlar salohiyatini oshirish masalalari xususida so‘z yuritildi. Qolaversa, har bir tuman va shahar rahbarlari kunlik reja asosida ish olib borishi zarurligi qayd etildi.

Menu