description

Oʻzbekiston Respublikasi Paxtachilik kengashi raisi I.Abduraxmonovning topshirigʻiga binoan Qoraqalpogʻiston Respubikasida 2026-yil paxta hosili uchun yer tayyorlash va chigit ekish ishlarini ilmiy asosda tashkil etish yuzasidan kengashning viloyat ishchi guruhi aʼzolari tumanlarga biriktirilib, ularga joylarda ishni tizimli va sifatli tashkil etish vazifasi yuklatilgan edi.

Kengashning Chimboy tumaniga biriktirilgan Andijon viloyati ishchi guruhi aʼzolari tomonidan tuman hokimligining masʼul xodimlari bilan birgalikda yerlarni chigit ekishga tayyorlash va ekish ishlarini jadallashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tumanda 2026-yil hosili uchun  5 ming 500 gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilgan. 2025-yilda tumandagi mavjud 183 ta fermer xoʻjaligidan 72 tasi paxtadan  30 sentnerdan kam hosil olgan.                 

Ishchi guruh aʼzolari birinchi navbatda hududlarga boʻlingan holda fermer xoʻjaliklari rahbarlari bilan ishlab, mavjud muammolarni oʻrgandilar va zarur tavsiyalarni berib kelmoqdalar. Jumladan, shoʻr yuvish ishlari uchun suv yetishmasligi, ob-havo noqulay kelganligi sababli yer tayyorlash ishlari muddatidan kechikkanligi, imtiyozli kredit mablagʻlarini oʻzlashtirishdagi muammolar, urugʻlik chigit, mineral oʻgʻit va YOMM (GSM) mahsulotlari taʼminotidagi kamchiliklar, 76 sm li qoʻshqator ekish sxemasida ekish uchun seyalkalar yetishmasligi, mavjud seyalkalar ham sozlanmaganligi  aniqlandi.     

Ishchi guruh  tomonidan mazkur muammolarni bartaraf etish boʻyicha tezkor choralar ishlab chiqildi, mutasaddilarga tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi va har bir fermer xoʻjaligiga tegishli dala maydonlariga borgan holda ish tashkil etildi.

Birinchi navbatda, shoʻr yuvish ishlari yakunlanmagan maydonlar aniqlanib, ushbu maydonlarga suv yetkazib berildi. Shoʻri yuvilib, tobiga (yetilgan) kelgan maydonlarga texnikalar jalb qilindi va  yer tayyorlash ishlari jadal olib borildi.

Fermer xoʻjaliklariga 23 ta yangi chigit ekish seyalkalari tarqatilib, jami 45 ta chigit ekish seyalkasi chigit ekish uchun sozlandi.

Shinjon usulida qoʻshqator ekish sxemasida koʻchat soni koʻp boʻlganligini  sababli agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida bajarish, gʻoʻzaning oʻsishini boshqarishda sojean bilan ishlash,  mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirish meʼyorlari va muddatlari hamda sugʻorish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Menyu