description

Buxoro viloyatida paxta maydonlarini zararkunandalardan himoya qilish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar amalga oshirildi

Buxoro viloyati Shofirkon tumani Vardonze hududida faoliyat yurituvchi «Hojiobod Vardonze» fermer xo‘jaligi rahbarining paxta maydonlarida zararkunanda kuzatilganligi yuzasidan qilgan murojaati asosida Viloyat paxtachilik kengashi a’zolari, Shofirkon tumani Qishloq xo‘jaligi bo‘limi, O‘simliklar karantini va himoyasi tuman bo‘limi mutaxassislari hamda fermer xo‘jaligi rahbari ishtirokida holat joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

Joyida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida fermer xo‘jaligining 3,2 gektar paxta maydoni yonma-yon joylashgan 1 gektar beda maydonidan tarqalgan «karadrina» zararkunandasi bilan zararlanganligi aniqlandi.

Mavjud fitosanitar holatni bartaraf etish maqsadida O‘simliklar karantini va himoyasi tuman bo‘limi tomonidan maxsus «Appalon» texnikasi jalb etildi hamda beda va paxta maydonlarida belgilangan tartibda kimyoviy ishlovlar o‘tkazildi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida zararkunanda o‘chog‘i to‘liq bartaraf etildi va vaziyat nazoratga olindi.

Shuningdek, tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari rahbarligida tegishli tashkilotlar mutaxassislaridan iborat tezkor ishchi guruh tashkil etildi. Ishchi guruhga bir kun muddatda tumandagi barcha qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini to‘liq ko‘rikdan o‘tkazish, zararkunanda va kasalliklar tarqalish holatlarini aniqlash, ularni bartaraf etish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish hamda ijrosini ta’minlash vazifasi yuklatildi.

Mazkur masala viloyat darajasida ham muhokama qilinib, viloyat va tumanlarning tegishli tashkilotlari rahbarlari hamda soha mutaxassislari ishtirokida selektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi ekinlarining fitosanitar holatini doimiy monitoring qilish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, zararkunanda hamda kasalliklarga qarshi kurash ishlarini kuchaytirish, shuningdek, sifatli va yuqori hosilli mahsulot yetishtirish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifa va topshiriqlar berildi.

Menyu