TAVSIYA
Joriy yilda yog‘ingarchilik me’yordan ortiq bo‘lgani sababli, ayniqsa erta ekilgan paxta maydonlarida begona o‘tlar ko‘paygani kuzatilmoqda. Bu esa g‘o‘za nihollarining o‘sishi va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularning tuproqdagi oziqa moddalari uchun raqobatda yutqazishiga olib kelmoqda.
Natijada nihollar nimjonlashib, kasallik va zararkunandalarga chidamsiz bo‘lib qolmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ayniqsa glifosatga chidamli, ikki genli xorijiy g‘o‘za navlari ekilgan maydonlarda begona o‘tlarga qarshi kurashda glifosat preparatlaridan foydalanish yaxshi samara beradi.
Biroq, glifosat barcha turdagi o‘simliklarga ta’sir qiluvchi kuchli gerbitsid hisoblanadi. Shu bois u oddiy, ya’ni glifosatga chidamsiz mahalliy yoki bir genli navlarda qo‘llansa, g‘o‘zaning to‘liq nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Qanday me’yorlarda qo‘llash kerak?
Amaliyotda eng ko‘p uchraydigan 480 g/l konsentratsiyali glifosat preparati hisoblanadi. Uni qo‘llashda quyidagi me’yorlarga amal qilish tavsiya etiladi:
O‘rtacha: 3–4 litr/ga
Ishchi eritma: 200–300 litr/ga
Agar begona o‘tlar kam bo‘lsa, 2–2,5 litr yetarli. Ko‘p yillik va zich o‘sgan o‘tlar uchun esa 3–4 litr maqsadga muvofiq.
Glifosat tezkor emas, ammo tizimli ta’sir ko‘rsatadi:
1–3 kunda o‘sish to‘xtaydi
7–10 kunda barglar sarg‘ayadi
14–21 kunda o‘simlik to‘liq quriydi
Mutaxassislar preparatni birdan katta maydonga qo‘llashni emas, avval kichik – 1 sotix (10 m²) hududda sinovdan o‘tkazishni tavsiya etadi.
Buning uchun, 20–30 litr eritmaga 30–40 gramm preparat qo‘shib, natijani kuzatish kerak. Agar g‘o‘za rivojlanishida salbiy belgilar kuzatilmasa, keyin asosiy maydonga o‘tish mumkin.
Glifosat samaradorligi ko‘p jihatdan ob-havoga bog‘liq:
Eng maqbul harorat: +15°C dan +25°C gacha
+30°C dan yuqorida ta’siri pasayadi
Shamol tezligi 5 m/s dan oshmasligi kerak
Shuningdek, preparatni ertalab yoki kechqurun sepish yaxshiroq natija beradi.
Qattiq yoki sho‘r suv ishlatilsa, preparat samarasi kamayadi. Bunday holatda 100 litr suvga 1–2 kg ammoniy sulfat qo‘shish orqali samaradorlikni oshirish mumkin.
Agar sinov maydonida barglar sarg‘ayib ketsa, o‘sish to‘xtasa yoki o‘simlik zararlansa darhol mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilish tavsiya etiladi.