description

Xitoylik mutaxassislar chigitlarning unib chiqishi va rivojlanish jarayonini ko‘zdan kechirish uchun Bekobodda bo‘lishdi

 

    Toshkent viloyati Bekobod tumanida joylashgan “Maxgreen” va “Apk Bekobod” klasterlari dala maydonlariga xitoylik mutaxassislar tashrif buyurdi.

    Toshkent viloyatiga “Tianye plastik” kompaniyasi tomonidan XinLuZao 78 navli xitoy chigiti 35 tonna miqdorida yetkazib berilgan. Shu bois Xitoy tomonidan janob Li Guo Dong boshchiligidagi mutaxassislar guruhi chigitlarning unib chiqishi va rivojlanish jarayonini ko‘zdan kechirishdi.

     Aytish joizki, Xitoy chigiti mahalliy sharoitga tez moslashib, yaxshi unib chiqqan. Mutaxassislar bilan suhbatlashgan fermerlar bundan mamnun ekanliklarini aytishdi.

    Bu yil hududga chigit 76 sxemada yakkaqator usulida ekilgan. Xitoylik mutaxassislar kelgusi yildan ushbu navni 76 sxemada qo‘shqator usulida polietilen qoplama ostiga ekishni taklif qilishdi. Bu sxemada ko‘chatlar soni an’anaviy usulga nibatan qariyb ikki barobarga ko‘p ekiladi. Shuningdek, tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini o‘rnatish ham muhimligi ta’kidlandi. Bu orqali suv sarfi kamayib, har qanday mineral o‘g‘itlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri go‘za ildiziga beriladi va yuqori hosildorlik ta’minlanadi.

    Hosildorlik darajasini ko‘paytirish va mutaxassislarning malakasini oshirish maqsadida “Tianye plastik” kompaniyasi kelgusida Xitoy chigitlari bo‘yicha soha vakillariga respublika bo‘ylab xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishni reja qilmoqda.

Menu