Yuklab olish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

Qarori

Paxtachilikda urug‘chilik tizimini rivojlantirish hamda paxta hosildorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida

Paxtachilikda zamonaviy samarador agrotexnologiyalarni qo‘llash va urug‘chilik tizimiga erkin bozor mexanizmlarini joriy etish orqali hosildorlikni keskin oshirish, paxta xomashyosini yetishtirishda ilmiy-innovatsion yondashuvlarni qo‘llashni kengaytirish maqsadida:

1. Belgilansinki, 2024-yil 1-yanvardan boshlab O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi (keyingi o‘rinlarda — Paxtachilik kengashi) mutaxassislari nazorati ostida tajriba-sinov tariqasida yuqori hosildor xorijiy g‘o‘za navlari va duragaylarini olib kirish hamda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi paxta ekiladigan maydonlarning 10 foizigacha joylashtirishga, istisno tariqasida, ruxsat beriladi. Bunda:

a) quyidagilar talab etiladi:

karantin ruxsatnomasi, eksport qiluvchi mamlakatning o‘simliklar karantini va ularni himoya qilish bo‘yicha davlat organlari tomonidan beriladigan fitosanitariya sertifikati yoki guvohnomasi mavjudligi;

xorijdan keltiriladigan g‘o‘za navlari va duragaylaridan paxta hosili yetishtirishda hamda ularning urug‘larini ko‘paytirishda import qiluvchi tomonidan intellektual mulkka da’vo qilmaslik;

xorijiy g‘o‘za navlari va duragaylarini olib kelishda nav originatorlari (patent egasi) bilan litsenziya shartnomasi tuzish talab qilinsa, litsenziya xarajatlarini import qiluvchi korxona tomonidan qoplash;

kelgusi yillarda ekish uchun xorijiy g‘o‘za navlari va duragaylarini mahalliy sharoitda yetishtirishni tashkil etish;

navlarning biologik va mexanik ifloslanishining oldini olish maqsadida g‘o‘za navlari ekilayotgan hududlarda nav joylashtirish tartibiga qat’iy amal qilish;

b) xorijdan keltirilgan g‘o‘za navlari va duragaylarini parvarishlashda har bir navga xos bo‘lgan yuqori samarador agrotexnologiyalarni qo‘llash Paxtachilik kengashi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda tegishli ilmiy tashkilotlar kuzatuvida amalga oshiriladi;

v) paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan g‘o‘za navlarini joylashtirishda kafolatlangan urug‘ ta’minotiga muvofiq erkinlik beriladi, bunda yuqori hosildor mahalliy navlarga ustuvorlik beriladi. Bir konturda uzluksiz 2 yil davomida bir navni joylashtirishga ruxsat berilmaydi. Hududlarda har 2 yilda ekilayotgan navni to‘la almashtirish, har yili tegishli nav urug‘ini boshqa hududlardan olib kelish orqali urug‘ almashtirish va yillik qo‘shimcha urug‘ zaxirasini yaratish bilan kelgusida bosqichma-bosqich “tindirilgan urug‘” ekish amaliyoti joriy qilinadi.

2. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasiga xorijdan olib kiriladigan o‘rta tolali g‘o‘za navlari va duragaylariga qo‘yiladigan talablar 1-ilovaga muvofiq;

2024 — 2026-yillarda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan paxta hosildorligi gektariga 30 sentnerdan oshmaydigan hududlarda xorijdan import qilinadigan yoki yuqori hosildor yangi mahalliy g‘o‘za navlari sinovlari o‘tkaziladigan hamda yangi ilmiy ishlanma va samarador agrotexnologiyalar joriy qilinadigan hududlar ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan olib kelingan g‘o‘za urug‘larini kelgusida boshqa hududlarga ekish va ular ekiladigan maydonlarni kengaytirish hosildorlik ko‘rsatkichlariga va g‘o‘za urug‘larining tuproq-iqlim sharoitlariga mos tushganligiga ko‘ra Paxtachilik kengashining xulosasiga asosan amalga oshirilishi mumkin.

3. Yuqori samarador xorijiy g‘o‘za navlarini hududlarda yetishtirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida quyidagilarga qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga — mazkur qarorning talablariga muvofiq xorijiy g‘o‘za navlarini olib kirishga, istisno tariqasida, karantin ruxsatnomasini rasmiylashtirish, shuningdek, import qilingan g‘o‘za navlari ekilgan maydonlarda zararkunanda va kasalliklarga qarshi dala nazorati monitoringini yuritish, aniqlangan zararkunanda va kasalliklarning o‘z vaqtida bartaraf etilishida paxta-to‘qimachilik klasterlari, fermer xo‘jaliklari va boshqa urug‘chilik subyektlariga tezkor amaliy yordam ko‘rsatish;

Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga — paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan xorijiy g‘o‘za navlari va duragaylarini yetishtirishda ularning aprobatsiyasini to‘g‘ri va o‘z muddatida o‘tkazish, urug‘liklarni tayyorlash, qayta ishlash hamda saqlashning xalqaro standartlar va texnik reglamentlarga muvofiqligini ta’minlash;

Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markaziga — paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan xorijiy g‘o‘za navlari va duragaylarini o‘sish davri, hosildorligi, kasallik va zararkunandalarga, turli tuproq-iqlim sharoitlariga chidamliligi hamda mahsulot sifati va boshqa belgilari asosida kelgusi yillarda O‘zbekiston Respublikasi hududida ekishga tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari reyestriga kiritib borish;

Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti, “Tuproq tarkibi va repozitoriysi, sifati tahlil markazi” davlat unitar korxonasi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi huzuridagi Respublika agrokimyoviy tahlil markaziga — respublikaning ball boniteti past, suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan va paxta hosildorligi gektariga 30 sentnerdan oshmaydigan hududlarida tuproq unumdorligini oshirishga qaratilgan “konturbay” amaliy mexanizmlarni joriy etish;

Urug‘chilikni rivojlantirish markaziga — xorijdan keltirilgan g‘o‘za navlarining urug‘chiligi bilan shug‘ullanuvchi subyektlarda vegetatsiya davrida paxta maydonlarida kamida uch marta, urug‘liklarni saqlash va qayta ishlash jarayonlarida doimiy monitoring yuritish, ularga yaqindan amaliy yordam ko‘rsatish, g‘o‘za navlarining bir maydonda uzluksiz 2 yildan ortiq ekilishining oldini olish maqsadida hududlar uchun muqobil yangi navlar urug‘chiligini tashkil qilish, hududlar o‘rtasida muqobil navlar urug‘larini qayta taqsimlab borish hamda yillik “tindirilgan urug‘lik” zaxirasini yaratish;

Paxtachilik kengashiga — xorijdan olib kiriladigan g‘o‘za navlari va duragaylarini kelgusida ekish maydonini kengaytirish bo‘yicha xulosa (ko‘rsatma) ishlab chiqish.

4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2024-yildan boshlab:

paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan xorijdan keltirilgan g‘o‘za urug‘larining genetik tozaligini molekulyar-genetik tahlil qilish bo‘yicha mahalliy vakolatli laboratoriyalar xulosasi olinadi hamda barcha import qilinadigan g‘o‘za urug‘larining ekinboplik sifat ko‘rsatkichlari baholanadi;

paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan xorijdan olib kelingan g‘o‘za navlari va duragaylari ikki yillik yetishtirish natijalariga ko‘ra mazkur qarorga 1-ilovada ko‘rsatilgan talablarga mos kelgan hollarda O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritiladi.

5. Respublikada g‘o‘zaning serhosil va sanoatbop yangi navlarini yaratishni jadallashtirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

a) mahalliy nav originatorlari va mualliflarini rag‘batlantirish bo‘yicha:

belgilangan navni yangilash sxemalarini hamda urug‘lik chigitni ko‘paytirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda sifatli va raqobatbardosh urug‘liklarni yetishtirish maqsadida mahalliy nav originatorlari va urug‘chilik subyektlari (klasterlar, kooperativlar, fermer xo‘jaliklari va boshqalar) o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelishuvlar asosida litsenziya shartnomasini tuzish orqali elita va yuqori avlodli urug‘liklarni yetishtirish, o‘z ehtiyojlari uchun foydalanish, ichki va tashqi bozorda sotish yo‘lga qo‘yiladi;

g‘o‘za navlari va duragaylarining urug‘liklarini belgilangan talablarga muvofiq yetishtirish, ko‘paytirish, O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanish va realizatsiya qilish litsenziya shartnomasi asosida patent egasining ruxsati bilan amalga oshiriladi;

patent egasi — litsenziar (shu jumladan, xorijiy kompaniya) bilan kelishilgan holda patentdan kelib chiqadigan barcha huquqlarni patent egasining xohishiga ko‘ra manfaatdor shaxslarga biron-bir shart va (yoki) cheklovlar qo‘ygan holda, shuningdek, seleksiya yutug‘idan litsenziya shartnomasi doirasida foydalanish huquqini litsenziatlarga berishga ruxsat etiladi;

urug‘lik paxta xomashyosini yetishtiruvchilar (paxta-to‘qimachilik klasterlari, fermer xo‘jaliklari, kooperatsiyalar)ga mahalliy olimlar tomonidan yaratilgan rayonlashtirilgan, istiqbolli va yangi g‘o‘za navlarini originatorlar bilan tuziladigan litsenziya shartnomasi asosida joylashtirish huquqi beriladi, bunda urug‘liklar uchun to‘lanadigan ustama mablag‘lar mazkur subyektlar o‘rtasida o‘zaro kelishuv asosida, biroq 3 — 12 foiz royalti to‘lovlaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi;

mahalliy istiqbolli g‘o‘za navlarini takomillashtirish, respublika hududida keng rayonlashtirish, uning sifatli elita urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish va navni tijoratlashtirishda nav orginatorlari bilan hamkorlik o‘rnatgan paxta yetishtiruvchi subyektlarga tegishli navga 20 foizli ulushlarda hammualliflik qilishga ruxsat beriladi;

b) g‘o‘za urug‘chiligida erkin raqobat muhitini shakllantirish va bozor munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha:

paxta xomashyosi yetishtiruvchilarni sifatli urug‘lik bilan ta’minlash maqsadida sertifikatlangan urug‘lik tayyorlash vazifasi bosqichma-bosqich paxta-to‘qimachilik klasterlari va xususiy urug‘chilik korxonalariga o‘tkaziladi;

2024-yil hosili uchun urug‘lik chigitni Paxtachilik kengashining xulosasiga asosan qo‘shimcha tarzda xususiy urug‘chilik korxonalari tomonidan yetkazib berish amaliyoti joriy etiladi;

qonunchilikda belgilangan tartibda xalqaro standartlarga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tish sharti bilan xususiy sertifikatsiya idoralarini tashkil etishga ruxsat etiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi uch oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash hamda ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida Urug‘chilikni rivojlantirish markazini transformatsiya qilishga oid tegishli qaror loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

6. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (I. Abduraxmonov):

a) Paxtachilik kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:

bir oy muddatda hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos, ertapishar va hosildorligi yuqori g‘o‘za navlari urug‘larini yetishtirish va ta’minotini tashkil qilish hamda nav almashtirish, urug‘ almashtirish va “tindirilgan urug‘” ekish tizimi bo‘yicha 2024 — 2026-yillarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin;

hosildorligi 30 sentnerdan past bo‘lgan paxta maydonlarini muntazam aniqlasin hamda bosqichma-bosqich yangi va istiqbolli navlarni joylashtirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llashni joriy qilsin;

bir oy muddatda paxta-to‘qimachilik klasterlari va xorijiy urug‘chilik kompaniyalari takliflarini o‘rgangan holda hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga mos g‘o‘za navlari va duragaylarini mazkur qarorning 1-ilovasidagi talablar asosida olib kelish bo‘yicha takliflar ishlab chiqsin;

ikki oy muddatda yangi va istiqbolli navlarning urug‘larini dastlabki ko‘paytiruvchi elita xo‘jaliklarining faoliyatini amalga oshirish mexanizmini va rayonlashgan navlarning birlamchi urug‘ligini tashkil etishning yangi tartibini tasdiqlasin;

2024-yil paxta hosilidan har bir hududda kamida 500 gektar maydonda yuqori agrotexnologiyalarga asoslangan tajriba maydonlarini tashkil qilib, paxta yetishtiruvchi subyektlar uchun amaliy dala seminarlarini o‘tkazib borsin;

b) respublikada mahalliy va xorijiy seleksiyaga mansub nav va duragaylardan yetishtirilayotgan paxta tolasi sifatini muntazam solishtirib borish uchun akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyalarida sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha baholash (NVI) natijalariga asosan yagona ma’lumotlar bazasini yaratsin;

v) ikki oy muddatda xorijdan keltirilgan g‘o‘za urug‘liklarining genetik tozaligi bo‘yicha molekulyar-genetik tahlillar o‘tkazish yuzasidan mahalliy vakolatli laboratoriya xulosasini olish tartibini tasdiqlasin;

g) “Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ bilan birgalikda urug‘lik paxta xomashyosini jamg‘arish, belgilangan standart talablari bo‘yicha saqlash va dastlabki qayta ishlashgacha bo‘lgan jarayonning to‘g‘ri bajarilishi bo‘yicha tegishli normativ-huquqiy hujjatni hamda urug‘lik chigit tayyorlovchi korxonalarda urug‘lik paxtani qayta ishlashda uskunalarni belgilangan me’yorlar asosida sozlash tartibini ishlab chiqib, tasdiqlasin;

d) 2024-yil paxta yetishtirish mavsumi oxiriga qadar Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasi tarkibida “e-urug‘” platformasini ishga tushirsin.

Bunda, mahalliy va xorijiy urug‘chilik korxonalari hamda birlamchi urug‘chilik xo‘jaliklarining o‘zaro integratsiyalashuvi, g‘o‘za navlari va duragaylarining urug‘ ta’minoti va zaxirasi, hududlarga moslashganligi va muqobil nav takliflari, mavjud g‘o‘za navlari va duragaylari hosildorligi, ularni yetishtirish agrotexnologiyalari to‘g‘risida axborot olish, hududlar sharoitlaridan kelib chiqib erkin va shaffof joylashtirish, qayta taqsimlash hamda sertifikat olish imkoniyatlari yaratiladi.

7. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ikki oy muddatda Xitoy, Hindiston, Turkiya, Ispaniya, Avstraliya va Amerika Qo‘shma Shtatlari tajribasini o‘rgangan holda hamda mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonuniga, shuningdek, qonunchilikka tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari bir oy muddatda:

mazkur qaror talablari asosida 2024-yilda o‘z hududidagi paxta ekiladigan maydonlarning 10 foiziga ekiladigan xorijiy g‘o‘za navlari bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi vazirligiga taklif kiritsin;

xususiy urug‘chilik korxonalarini jalb qilish, xorijiy navlar ekiladigan maydonlarni to‘liq nazoratga olish, hududlarda g‘o‘za urug‘chiligiga oid yangi tizim samaradorligini oshirishning mutaxassis-kadrlar, infratuzilmaviy va tashkiliy ta’minotini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin va ijroga qaratsin;

yangi tizim asosida mazkur qarorga 1-ilovada ko‘rsatilgan talablarga muvofiq har bir hududning tuproq-iqlim sharoitlariga mos g‘o‘za navlari bo‘yicha birlamchi urug‘chilikni tashkil etish va joylashtirish choralarini ko‘rsin.

9. Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasining Xitoy (F. Arziyev), Hindiston (S. Rustambayev), Turkiya (A. Agzamxodjayev), Ispaniya (F. Tursunov), Avstraliya (Q. Shakirov) va Amerika Qo‘shma Shtatlari (F. Sidikov)dagi diplomatik vakolatxonalari bilan birgalikda doimiy ravishda:

paxtachilik va g‘o‘za urug‘chiligiga oid eng ilg‘or tajriba va muhim natijalarni doimiy tahlil qilib borish, yuqori hosildor g‘o‘za navlari va duragaylarini respublikamizga olib kelish, sohaga oid innovatsion texnologiyalarni transfer qilish bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Paxtachilik kengashi va paxta-to‘qimachilik klasterlariga ko‘maklashsin;

g‘o‘za urug‘chiligi bo‘yicha xorijiy kompaniyalarni jalb qilish yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

10. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Paxtachilik kengashining ilmiy xulosasiga asosan mazkur qarorga 2-ilovada ko‘rsatilgan 14 ta tumanda paxtachilikka oid yangi ilmiy ishlanmalar va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, 2024 — 2027-yillarda an’anaviy va noan’anaviy seleksiya usullari orqali yuqori hosildor, tezpishar, tola sifati yuqori, kasallik va hasharotlarga chidamli biotexnologik navlarni yaratish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni ishlab chiqish va innovatsion loyihalarni maqsadli moliyalashtirish choralarini ko‘rsin.

11. Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Paxtachilik kengashining ilmiy-tadqiqot organi bo‘lgan “Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ negizida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi huzuridagi Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Bunda:

“Paxtasanoat ilmiy markazi” AJga tegishli mol-mulklar (Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Sh. Rustaveli ko‘chasi, 8-uy manzilida joylashgan ma’muriy binodan tashqari) qonunchilikda belgilangan tartibda mazkur institutga o‘tkaziladi;

institut Toshkent viloyati, Qibray tumani, Universitet ko‘chasi, 2-uy manziliga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi;

“Paxtasanoat ilmiy markazi” AJga tegishli Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Sh. Rustaveli ko‘chasi, 8-uy manzilida joylashgan ma’muriy bino jamiyatning ustav kapitalidagi davlat ulushini mazkur binoning balans (qoldiq) qiymatiga kamaytirish hisobiga Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga davlat mulki sifatida operativ boshqaruv huquqi asosida o‘tkaziladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi (I. Abduraxmonov) bir oy muddatda Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish bog‘liq barcha zaruriy choralarni ko‘rsin.

(11-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-martdagi PQ-126-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.03.2024-y., 07/24/126/0214-son)

12. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Genetik modifikatsiyalangan organizmlar va uning mahsulotlari xavfsizligining ilmiy ekspertizasini tashkil etish va o‘tkazish tartibini hamda Qishloq xo‘jaligi ekinlarining genetik modifikatsiyalangan navlarining milliy bazasini shakllantirish va yuritish tartibini tasdiqlasin.

13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib qishloq xo‘jaligi vaziri I.Y. Abduraxmonov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 15-dekabr,

PQ-391-son

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-dekabrdagi PQ-391-son qaroriga
1-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasiga xorijdan olib kiriladigan o‘rta tolali g‘o‘za navlari va duragaylariga qo‘yiladigan talablar

T/r

Ko‘rsatkichlar nomi

Ko‘rsatkichlarning belgilanishi

1.

Vegetatsiya davri

Tezpishar (115 — 120 kun)

2.

Potensial hosildorlik

60 — 80 ts/ga

3.

Ko‘saklarning ochilishi

Ko‘saklarning ochilish sur’ati yuqori

4.

Kasalliklarga bardoshlilik

Fuzarioz va vertitsillyoz vilt, virusli kasalliklar

5.

Tola chiqimi

40 foizdan yuqori

6.

Tolaning yuqori o‘rtacha uzunligi (UNM)

1,11 — 1,17 dyuym

7.

Tola mikroneyri (Mic)

4,2 — 4,5

8.

Tolaning yigiriluvchanlik indeksi (SCI)

160 dan yuqori

9.

Tolaning solishtirma uzilish kuchi (Str)

28 — 32 g.kuch/teks.dan kam bo‘lmagan

10.

Navning alohida xususiyatlari

Global iqlim o‘zgarishlari sharoitida suv ta’minoti og‘ir, ball boniteti past bo‘lgan maydonlarda yetishtirishga mos, yuqori harorat, garmsel, suv tanqisligi, tuproq sho‘rlanishiga bardoshli, sanoatbop

11.

Duragaylar (F1) olib kiriladigan hollarda

Yuqori hosildor duragaylar, shu jumladan, ota-ona shakllarini olib kelgan holda mahalliy sharoitlarda duragay urug‘larni yetishtirishni yo‘lga qo‘yish

 

Yuqori navlilik

96 foizdan kam bo‘lmagan

12.

Intellektual mulk huquqi

Intellektual mulkka da’vo qilmaslik yoki xarajatlar import qiluvchi korxona tomonidan qoplanishi

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-dekabrdagi PQ-391-son qaroriga
2-ILOVA

2024 — 2026-yillarda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan paxta hosildorligi gektariga 30 sentnerdan oshmaydigan hududlarda xorijdan import qilinadigan yoki yuqori hosildor yangi mahalliy g‘o‘za navlari sinovlari o‘tkaziladigan hamda yangi ilmiy ishlanma va samarador agrotexnologiyalar joriy qilinadigan hududlar

RO‘YXATI

T/r

Tumanlar nomi

Hududlar nomi

1.

Ellikqal’a tumani

Bo‘ston

2.

Ulug‘nor tumani

Jalaquduq

3.

Vobkent tumani

Ehson

4.

Sharof Rashidov tumani

Samarqand quduq FXXU

5.

Qarshi tumani

Beshkent

6.

Nishon tumani

Samarqand

7.

Navbahor tumani

Yangiqo‘rg‘on

8.

Pop tumani

Mash’al

9.

Narpay tumani

Ittifoq

10.

Jarqo‘rg‘on tumani

Loyqand chinori

11.

Sayxunobod tumani

Sayxun bahori

12.

Quyi Chirchiq tumani

Toshovul

13.

Beshariq tumani

Chorbog‘turangi

14.

Qo‘shko‘pir tumani

Nezaxos

Izoh: Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishgan holda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari takliflari asosida ushbu ro‘yxatga o‘zgartirish kiritishi mumkin.

 

Menyu