Dastlab Baliqchi tumanidagi “Madad” fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishildi. Xo‘jalikning umumiy 52,8 gektar yer maydonidan 24,7 gektariga paxta ekilgan bo‘lib, 12,2 gektarlik konturdagi ekinlar holati ko‘zdan kechirildi.

Dalada olib borilgan kuzatuvlar davomida paxtaning vegetativ rivojlanishi, o‘sish sur’atlari hamda agrotexnik tadbirlarning bajarilishiga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar bilan muloqot jarayonida ayrim maydonlarda paxtaning bo‘yi me’yordan ortib ketishi natijasida g‘ovlash xavfi yuzaga kelishi mumkinligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan hosildorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillarning oldini olish maqsadida zarur agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Mazkur dala maydonida tuman rahbarlari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari va soha mutaxassislari ishtirokida amaliy seminar ham tashkil etildi. Unda bugungi kunda paxta parvarishida agrotexnik tadbirlarni ilmiy tavsiyalar asosida olib borish, suv va o‘g‘itlardan oqilona foydalanish hamda hosildorlikni oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida fermerlarga o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or usullarni o‘rganish va ularni boshqa xo‘jaliklarda ham keng joriy etish muhimligini ta’kidlandi.
Aytish kerak, Paxtaning bo‘yi 90 santimetr atrofida bo‘lib, hosil elementlari to‘liq shakllansa, ko‘zlangan natijaga erishiladi. Paxtani ortiqcha g‘ovlatish bilan yuqori hosil olib bo‘lmaydi. Muhimi, o‘simlikning vegetativ va generativ rivojlanishi o‘rtasidagi muvozanatni saqlashdir.

Shuningdek, davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar, ilmiy tavsiyalar va ishlab chiqarishga joriy etilayotgan zamonaviy yondashuvlar faqatgina agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilgandagina kutilgan samarani berishini alohida qayd etildi.
Shundan so‘ng yo‘l-yo‘lakay Baliqchi tumanidagi “Burxon” fermer xo‘jaligida ham bo‘lib, paxta maydonlarining holatini ko‘zdan kechirildi. Bu yerda ham agrotexnik tadbirlarning bajarilishi, o‘simlik rivojlanishi va hosil shakllanishi jarayonlari tahlil qilindi.
Ma’lum qilinishicha, xo‘jalikda paxta yetishtirish ishlari ilmiy tavsiyalar va uslubiy qo‘llanmalar asosida tashkil etilgan. Ushbu tajribani ijobiy baholab, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga keng tatbiq etish orqali yuqori va sifatli hosil olish mumkinligini ta’kidlandi.

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida natija beradigan eng muhim omil — bu ilmiy yondashuv, agrotexnik intizom va amaliy tajribaning uyg‘unligidir.